
26.02.2024
Quva tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumanning "Go‘zal" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi D.Z.ning muddatli to‘lov shartlarida xarid qilingan noutbukning texnik imkoniyatlari shartnoma shartlarida ko‘rsatilgan parametrlarga mos kelmasligi sababidan sotuvchiga qaytarib, uning uchun to‘langan pulni qaytarib olishda yordam ko‘rsatilishi borasida federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste'molchining ma'lum qilishicha, 2023-yilning dekabr oyi oxirlarida sotuvchi "Oltiariq new unversal" MChJ bilan fuqaro o'rtasida qiymati 9 901 200 so‘m bo‘lgan 1 terabayt hajmdagi "Lenovo" rusumli noutbukni sotib olish uchun bir yil davomida bo‘lib to‘lash shartida muddatli to‘lov shartnomasi imzolangan. Shartnomadan kelib chiquvchi bir oylik to‘lov summasini ham amalga oshirilgan. Murojaatchi noutbukdan foydalanish jarayonida esa HDD (qattiq disk) hajmi 1 terabayt emas, balki 256 gigabayt ekanligini sezib qolgach, tovarni sotuvchiga qaytarib olib borib topshiradi va pulini qaytarishlarini so‘raydi. Lekin uning qonuniy talablari qanoatlantirilmaydi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tovar haqida noto‘g‘ri ma'lumot berilishi oqibatida zarur iste'mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste'molchi shartnomani bekor qilishi mumkin. Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaatni o‘rganish davomida sotuvchi bilan olib borilgan tushuntirish ishlari va to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, iste'molchining sotuvchi tomonidan bilib yoki bilmay qattiq disk hajmi shartnomada ko‘rsatilganidan kichik bo‘lgan noutbuk sotilganligi to‘g‘risidagi da'vosi isbotini topib, o‘rtadagi oldi-sotdi shartnomasi bekor qilindi va iste'molchi tomonidan to‘langan 825 100 so‘mlik bir oylik to‘lov summasi qaytarib berildi.