
27.02.2024
Kasbi tumanida yashovchi bir guruh iste'molchilardan tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat kelib tushgan. Murojaatlarda elektr hisoblagichlarni oʻrnatish va uni plombalash bilan bogʻliq muammolar qayd etilgan.
Xususan, tumanning “Xoʻjaqarliq” mahallasida yashovchi fuqarolar A.B. va F.Z. yashab turgan xonadonlariga elektr hisoblagich oʻrnatib berishlarini soʻrab, davlat xizmatlari markazi orqali murojaat etganligi, biroq tuman elektr ta'minoti idorasi tomonidan hisoblagich iste'molchi tomonidan sotib olinishi ma'lum qilinib, oʻrnatib berilmaganligidan noroziligini bildirgan.
Shuningdek, ushbu mahallada yashovchi fuqarolar H.Oʻ. va A.R. xonadonlaridagi elektr hisoblagichga davlat plombalari qoʻyib berilmayotganligini ma'lum qilgan va ushbu masalada amaliy yordam soʻragan.
Mazkur murojaatlar oʻrganilib, iste'molchilarning xonadonlariga hisoblagichlar va ularga davlat plombalari oʻrnatib berilishi ta'minlandi.
Ma'lumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari” talablariga koʻra,maishiy iste'molchilarga elektr energiyasi iste'molini hisobga olish uskunalarini xarid qilish, oʻrnatish, roʻyxatdan oʻtkazish, davriy davlat qiyoslovi va plombalash tegishli ravishda hududiy elektr tarmoqlari korxonalari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Shuningdek, elektr tarmoqlariga yangidan ulanadigan uy-joylar va xonadonlarda elektr energiyasini hisobga olish asboblari ham hududiy elektr tarmoqlari korxonasi hisobidan sotib olinadi, oʻrnatiladi, roʻyxatga olinadi va plombalanadi.Hisobga olish pribori xonadon egasining buyurtmanomasiga binoan, bir hafta muddatda oʻrnatib berilishi shart.