28.02.2024
Muborak tumani "Zanjirsaroy" koʻchasida yashovchi fuqaro B.S. 2023-yilning 4-yanvar kuni Toshkent shahrida joylashgan “Umid avto kompanies” MChJ bilan lizing asosida “Damas” rusumli avtomashina sotib olish toʻgʻrisida shartnoma rasmiylashtirgan va 31 million 118 ming soʻm toʻlovni amalga oshirgan. Shartnoma shartlariga koʻra, avtotransport vositasi 120 kun muddatda iste'molchiga yetkazilishi belgilangan. Biroq oradan bir yildan ortiq vaqt oʻtsa hamki, avtomashina MChJ tomonidan yetkazib berilmagan. Aldanganini tushungan iste'molchi esa Qarshi shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Murojaatni oʻrganish jarayonida MChJ mutassaddilariga amaldagi iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari tushuntirildi. Ammo ular iste'molchidan olingan toʻlovni qaytarishni istamagach, yetkazilgan zararni undirish toʻgʻrisida fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar Uchtepa tumani sudiga da'vo arizasi kiritildi. Noqonuniy olingan toʻlovning sud tartibida majburiy undirilishini tushunib yetgan MChJ mutassaddilari esa iste'molchi bilan oʻzaro kelishuv yoʻlini tanlashdi. Avtomashina sotib olish uchun toʻlangan mablagʻ fuqaroga toʻliq qaytarildi, da'vo arizasi esa sud tomonidan ish yurituvidan toʻxtatildi.