
12.03.2024
Ijtimoiy tarmoqlardagi "Yo‘l-yo‘lakay" Telegram kanalida 2024-yil 11-mart kuni “Magnum” supermarketida peshtaxtalardagi narxlar bilan kassadagi narxlar o'rtasida xaridor zarariga tafovut borligi to‘g‘risidagi axborot tarqaldi. Holat ijtimoiy tarmoqlarda iste’molchilarning keskin e’tirozlariga sabab bo’lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli “Ma'muriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 4-ilovasi, ikkinchi bandiga muvofiq, xususiy sektor tomonidan iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida huquqbuzarliklarni aniqlash, huquqbuzarga ixtiyoriy tartibda huquqbuzarlikni bartaraf etishni nazarda tutuvchi ogohlantirish berish vakolati berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan Federatsiya imzolagan kelishuvga muvofiq, bunday mazmundagi ogohlantirish berish vakolati Federatsiyaga ham berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:
6-moddasiga ko'ra, tovar (ish, xizmat) haqidagi ma’lumotda quyidagilar ko‘rsatilishi shart:
tovarning (ishning, xizmatning) nomi;
tovar (ish, xizmat) majburiy talablariga muvofiq kelishi shart bo‘lgan normativ hujjatning nomi;
tovar (ish, xizmat)ning asosiy iste’mol xususiyatlari, shu jumladan, o‘ziga xos xususiyatlari ro‘yxati;
narxi (tarifi) va sotib olish shartlari;
ayrim turdagi tovarlarning ishlab chiqarilgan sanasi;
ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari;
tovardan samarali va xavfsiz foydalanish qoidalari hamda shartlari;
tovarning xizmat (yaroqlilik) muddati va ushbu muddat tugaganidan keyin iste’molchi nima ishlar qilishi zarurligi, shuningdek bunday ishlarni bajarmaslik natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) to‘liq nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili), litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning QR-kodi (matritsali shtrix kodi), import qilinadigan tovarlar uchun esa ishlab chiqaruvchining hamda import qiluvchining nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili);
tovar kelib chiqqan mamlakatning nomi;
ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning hamda ular iste’molchidan da’vo qabul qilishga vakolat bergan, shuningdek, ta’mirlashlarini bajaradigan va texnikaviy xizmat ko‘rsatadigan korxonalarning manzillari;
tovarlarni saqlash, xavfsiz utilizatsiya qilish usullari hamda qoidalari.
teatr-konsert tadbirlari o‘tkazilayotganda fonogrammadan foydalanish to‘g‘risidagi axborot.
Tovar (ish, xizmat) haqidagi zarur axborotning yo‘qligi bunday tovar (ish, xizmat)ni realizatsiya qilish ma’lumot berilgunga qadar tegishli davlat boshqaruvi organining ko‘rsatmasi bo‘yicha to‘xtatib turilishiga sabab bo‘ladi.
7-moddasiga muvofiq, agar tovar (ish, xizmat) haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilganligi:
zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar (ish, xizmat) sotib olinishiga sabab bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;
sotib olingan tovar (ish, xizmat)dan ko‘zlangan maqsadda foydalana olmaslikka sabab bo‘lsa, iste’molchi tegishli ma’lumot oqilona qisqa (ko‘pi bilan uch kunlik) muddatda berilishini talab qilishga haqlidir. Agar ma’lumot aytilgan muddatda berilmasa, iste’molchi shartnomani bekor qilib, zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir;
iste’molchining hayotiga, sog‘lig‘iga yoxud mol-mulkiga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, u ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) oldiga qonunchilikda nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqlidir.
Iste’molchining tovar (ish, xizmat) haqidagi noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablari sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida iste’molchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan Chakana savdo qoidalarining:
14-bandiga muvofiq sotuvchi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tovarning narxi va uni sotib olish shartlari to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlarni xaridorning e’tiboriga o‘z vaqtida ko‘rgazmali va qulay shaklda yetkazishi shart.
20-bandiga muvofiq sotuvchi-xodim tovarning nomi, uning sorti, markasi, modeli, tipi, tovarning og‘irligi, o‘lchami yoki birligiga narxi ko‘rsatilgan holda sotiladigan tovarlarning yagona namunadagi va aniq rasmiylashtirilgan narxnomalari bo‘lishini ta’minlashga majburdir.
Ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan holat yuzasidan o‘rganilganda, peshtaxtadagi narxlar bilan kassadagi narxlar farq qilishi oqibatida Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan Chakana savdo qoidalari buzilganligi aniqlandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Magnum” supermarketlar tarmog‘ini 2024‑yilning 11‑mart kuni iste'molchilarning nomuayyan doirasi hamda ijtimoiy tarmoqqa murojaat yo‘llagan fuqaro (iste’molchi)ga yetkazilgan zararni qoplab, huquqbuzarlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etishga chaqiramiz.