Telegram-bot Virtual qabulxona

13.03.2024

ISTE`MOLCHILAR MANFAATLARI QONUN HIMOYASIDA

Ma’lumki, O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ta`kidlash kerakki, insonning iste`molchi sifatidagi huquqlari ham uning muhim huquqlaridan sanaladi. Iste`molchilarning huquqlari haqida so`z borar ekan, so`ngi yillarda amaliyotga keng tadbiq etilayotgan demokratik islohotlar natijasida ayni yo`nalishda ham  salmoqli qadamlar tashlandi. Bunda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda  nodavlat tashkilotlarining o`rni ham sezilarli bo`ldi.

Birgina Xorazm viloyati misolida ko`radigan bo`lsak, O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi   Xorazm viloyat hududiy birlashmasi hamda tuman (shahar) jamiyatlari tomonidan aholining huquqiy bilimi va iste`mol madaniyatini oshirishga doir muntazam targ`ibot tadbirlari o`tkazib kelinmoqda. Xususan, joriy yil boshidan buyon viloyatda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan  22  ta davra suhbatlari, 5 ta o’quv seminarlari tashkil etildi. Bundan tashqari viloyat hududiy birlashmasi hamda tuman (shahar) jamiyatlari malakali mutaxassislari tomonidan fuqarolardan kelayotgan murojaatlar belgilangan tartibda o`rganilib ijobiy hal etib kelinmoqda.  

Masalan, Xiva shahar "Kelajak sari" ko'chasi 1-uyda yashovchi fuqaro R.E. ning Urganch tumanida joylashgan "Yevro Santex Chenter" savdo do'konidan 14 000 000 so'mga xarid qilgan suv isitgichining nosozligi, xaridorning uni tadbirkordan almashtirib berish bo`yicha talabi 3 oydan buyon qanoatlantirilmaganligi yuzasidan qilgan murojaati jamiyat xodimlari tomonidan ijobiy hal etildi. Ya`ni fuqaroning murojaati yuzasidan tadbirkor bilan uchrashilib, qonuniy tushuntirish ishlari olib borilishi natijasida fuqaroning nosoz suv isitgichi bepul ta'mirlab berildi.

Yana bir holat: Fuqaro Xiva tumanida faoliyat yuritayotgan  tadbirkor Q.S.dan 13 000 000 so'mga yotoqxona mebeli sotib olgan, ammo buyurtma qilingandan boshqa rangdagi mebel jo'natilganidan noroziligini bildirgan. Mavjud qonunchilik normalariga ko`ra, kelishilgan tovardan ayrim belgilari bilan farqlanuvchi boshqa bir tovar xaridorga taqdim qilinsa ham xaridor mazkur tovarni sotuvchiga qaytarishga haqli.  Mazkur holatga tuman jamiyati xodimlari tomonidan aniqlik kiritilib, fuqaro murojaatiga ijobiy yechim topildi.

Sir emaski, sifatsiz mahsulot sabab ham ma`lum tushunmovchiliklar yuzaga keladi. Shu sababdan har qanday xaridda ham isteʼmolchi mahsulot sifatiga diqqatli bo‘lishi talab etiladi. Aks holda, sotuvchi va isteʼmolchi o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelishi va oqibatda turli ovoragarchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Gurlan tumanidagi "Aminov" savdo do'konidan 18 000 000 so'mlik elektromotosikl sotib olgan fuqaro bilan ham shunga o`xshash vaziyat ro`y berdi. Gap shundaki, xarid qilingan texnikaning nosoz ekanligi bir kundan keyin ma`lum bo`ladi. Tabiiyki, fuqaro sotuvchidan nuqsonni bartaraf etish yoki  pulini qaytarishini so'ragan. Sotuvchi esa iste'molchining haqli talablarini rad etgan. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 13-moddasiga ko`ra “Agarda xaridorga nuqsonli tovar sotilganda, xaridor tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish, tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish,  xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish, shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash huquqlariga ega hisoblanadi.” Mazkur fuqaro murojaati ham o`rganilib ijobiy hal etildi. Sotuvchiga jamiyat xodimlari tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining tegishli bandlari hamda boshqa qonunchilik normalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib aytish mumkinki, isteʼmolchi huquqlari qonun himoyasida. Hurmatli fuqarolar! Agarda siz ham shunga o`xshash holatlarga duch kelsangiz O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefonlariga qo`ng`iroq qilishingiz  mumkin.


Ma `lumot

  • Toshkent sh, Islom Karimov 55
  • 1091
  • istemolchi@exat.uz
  • 09:00 to 18:00