25.03.2024
Xatirchi tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqaro X.P.ning manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash maqsadida Fuqarolik ishlari bo'yicha Xatirchi tuman sudiga da'vo arizasi kiritilgan edi. Biroq iste'molchining keltirgan vajlari o‘z isbotini topmaganligi sababli, sud davlat boji va sud xarajatlarini (jami 1 320 000 so‘m) da'vogar Xatirchi tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatidan undirish to‘g‘risida qonunga zid qaror qabul qilgan.
Sud vaqtida sudya Z.O‘tamurodovga jamiyatning qonuniy vakili tomonidan O‘zbekiston Respublikasining "Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi va "Davlat bojlari to‘grisida"gi qonunlarining tegishli moddalari bo'yicha tushuntirishlar berilgan bo'lsa-da, sudya qonuniy talablarni e'tiborga olmagan.
Shundan so‘ng, Xatirchi tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan ushbu noqonuniy qarorni bekor qilish bo’yicha Navoiy viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha apellatsiya sudlov hay'atiga apellatsiya kiritildi.
2024-yiling 19-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Navoiy viloyat sudining fuqarolik ishlari bo'yicha apellatsiya sudlov hay'ati yig‘ilishi fuqarolik ishlari bo'yicha Xatirchi tuman sudining №2-2105- 2302/2486-sonli ishi bo'yicha sudya Z.O'tamurodovning qarorini bekor qilib, Xatirchi tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatini barcha to‘lovlardan ozod qildi.