
25.03.2024
Gʻuzor tumani Xalqobod qishlogʻida yashovchi fuqaro D.A. “Umid avto lizing” MChJning Qarshi shahrida joylashgan shoxobchasi bilan lizing asosida “Kobalt” rusumli avtomashina sotib olish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan. Shartnoma shartlariga koʻra, transport vositasini xarid qilish uchun boshlangʻich badal sifatida 45 million 829 ming soʻm toʻlov amalga oshirilgan. Biroq avtotransport oʻz egasiga shartnomada belgilangan muddatda yetkazib berilmagan. Oqibatda iste'molchi bir yildan ortiq vaqt mobaynida na avtomashina va na toʻlagan pulini ololmasdan sarson-sargardon boʻlgan.
Fuqaroning bu bo'yicha Oʻzbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoni orqali qilgan murojaati tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda oʻrganildi. Oʻrganish jarayonida avtolizing mutasaddilariga amaldagi iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari, xususan, ijrochi tomonidan shartnoma shartlari bajarilishi lozimligi tushuntirildi va oldindan amalga oshirilgan boshlangʻich toʻlov toʻliq iste'molchiga qaytarilishi ta'minlandi.