
26.03.2024
Samarqand viloyatida yashovchi iste'molchining xarid qilgan telefon apparatidagi nosozlik sababli sotuvchidan pulini qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ishonch telefoniga qilgan murojaati masalaning hududiy tegishliligi bo‘yicha Toshloq tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganildi.
Ishtixon tumanida yashovchi fuqaro O. B. shu yilning mart oyi boshlarida Toshloq tumanida joylashgan "Andijon house mobile" MChJ onlayn do‘konidan xarid qilgan "Samsung Galaxy Note 9" rusumli telefon apparati nosoz chiqqan. O‘rganish davomida, aslida, do‘kon Marg‘ilon shahrida joylashganligi, ushbu do‘kondan olingan ma'lumotga ko‘ra, iste'molchi dastlabki telefonni 2023-yilning yoz oylari oxirida 45 kun kafolat muddati bilan 1 800 000 so‘mga onlayn tarzda xarid qilgan bo‘lib, 2024-yilning mart oyiga qadar 3 marta almashtirib berilgan. Shuningdek, o‘rganish davomida iste'molchi qo‘liga oxirgi marotaba topshirilgan telefonga yangi dasturli programmalarni yuklashning imkoni bo‘lmaganligini qo‘shimcha qilib, uni boshqasiga almashtirib berilishi yoki pul mablag‘ini qaytarilishini so‘ragan.
Murojaat onlayn do‘kon mas'ullari bilan o‘rganilishi jarayonida tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi, natijada iste'molchi va sotuvchi o‘rtasida o‘zaro muzokaralar yo‘li bilan telefon apparatini sotuvchiga, uning uchun to‘langan pul mablag‘ini esa iste'molchiga qaytarilishiga kelishildi.