Denov tumanida fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi
Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, kommunal xizmatlar bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish hamda asossiz hisoblangan qarzdorliklarni bartaraf etish borasida Denov tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Denov tumani Namuna mahallasi Janub tongi ko‘chasidagi 30-uyda yashovchi fuqaro X. Berdieva o‘z murojaatida kommunal xizmatlar bo‘yicha hisoblangan qarzdorlik masalasini ko‘tarib, amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat Denov tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida Denov tuman suv oqova xodimlari ishtirokida tegishli hisob-kitoblar qayta ko‘rib chiqildi.
Natijada fuqaroning hisob raqamidan 3 million 160 ming so‘m miqdoridagi qarzdorlik olib tashlandi. Shu tariqa iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, uning manfaatlarini himoya qilishga erishildi.
Ushbu holat kommunal xizmatlar bo‘yicha hisob-kitoblarning to‘g‘ri yuritilishi, iste’molchilar hisobvaraqlaridagi qarzdorliklarning asoslangan bo‘lishi va fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish muhimligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Denov tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, iste’molchilar huquqlarini tiklash hamda kommunal xizmatlar ko‘rsatish jarayonida yuzaga keladigan muammolarni qonuniy hal etishga ko‘maklashish ishlari davom ettirilmoqda.
Unutmang! Kommunal xizmatlar uchun hisoblangan qarzdorlikka shubha tug‘ilsa, hisob-kitoblarni qayta tekshirtirish va o‘z huquqlaringizni himoya qilish uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qilishingiz mumkin.
























