Sherobod tumanida oshxona mebeli buyurtmasi bilan bog‘liq iste’molchi murojaati o‘rganilib, fuqaroning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Sherobod tumani “Boybuloq” mahallasida yashovchi fuqaro Z.B. Sherobod tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining ishonch telefoniga og‘zaki murojaat qilib, buyurtma qilingan oshxona mebeli o‘z vaqtida tayyorlab berilmagani yuzasidan yordam so‘ragan.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro 2026-yil fevral oyida Angor tumani hududida faoliyat yurituvchi mebel savdo do‘koniga oshxona mebeli tayyorlatish maqsadida 6 500 000 so‘m oldindan to‘lov qilgan. Biroq oradan qariyb besh oy vaqt o‘tganiga qaramay, buyurtma qilingan mebel fuqaroning xonadoniga olib kelinmagan va o‘rnatib berilmagan.
Buyurtmaning uzoq muddat davomida bajarilmagani iste’molchining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan. Fuqaro o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishda amaliy yordam so‘rab tuman jamiyatiga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat Sherobod tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan belgilangan tartibda qabul qilinib, jamoatchilik asosida o‘rganildi. Holatning tegishliligi inobatga olinib, Angor tumani hududida joylashgan mebel savdo do‘koni egasi bilan bog‘lanildi.
O‘rganish jarayonida fuqaroning vajlari, mebel buyurtmasi yuzasidan amalga oshirilgan oldindan to‘lov hamda buyurtmani bajarish bilan bog‘liq holatlar ko‘rib chiqildi. Savdo do‘koni mas’ullariga iste’molchining qonuniy huquqlari va buyurtma bo‘yicha olingan majburiyatlarni lozim darajada bajarish zarurligi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Olib borilgan tushuntirish va amaliy choralar natijasida masala iste’molchi foydasiga ijobiy hal etildi. Fuqaroning xohishiga ko‘ra, oshxona mebeli uchun oldindan to‘langan 6 500 000 so‘m mablag‘ savdo do‘koni egasi tomonidan naqd pul shaklida to‘liq qaytarib berildi.
Shu tariqa, iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirilib, qariyb besh oy davomida yechimini kutgan muammo amaliy jihatdan bartaraf etildi.
Mazkur holat mebel yoki boshqa mahsulotlarni buyurtma asosida xarid qilishda tomonlar o‘rtasidagi kelishuv shartlari, mahsulotni tayyorlash va yetkazib berish muddati, to‘lov miqdori hamda boshqa muhim shartlarni aniq belgilab olish zarurligini yana bir bor ko‘rsatadi. Shuningdek, iste’molchilar amalga oshirilgan to‘lovlarni tasdiqlovchi hujjatlarni saqlashi va buyurtma shartlari bajarilmagan taqdirda o‘z qonuniy huquqlarini talab qilishi muhimdir.
Sherobod tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida o‘rganish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida yuzaga kelayotgan muammolarga amaliy yechim topish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























