Kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib kelayotgan iste'molchi bir kun kelib katta miqdordagi qarzdorlik haqida xabar olsa, tabiiyki, bu holat unda asosli savollar tug‘diradi. Bunday vaziyatlarda muammoni e'tiborsiz qoldirmasdan, qonuniy tartibda murojaat qilish muhim ahamiyatga ega.
Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqaro B.X. ham shunday holatga duch keldi. U Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilib, xonadonga 2016 yilda suv hisoblagichi o‘rnatilgani, 2017 yilda nosozlik sababli almashtirilgani, to‘lovlarni muntazam amalga oshirib kelayotganiga qaramay, unga 2 million 600 ming so‘mdan ortiq qarzdorlik hisoblanganidan norozi ekanini bildirgan.
Murojaat asosida Marg‘ilon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish jarayonida xonadonda o‘rnatilgan suv hisoblagichi texnik holati, hisob-kitoblar tarixi va tegishli hujjatlar tahlil qilindi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, xonadondagi suv hisoblagichi 2017 yilda o‘rnatilgan bo‘lib, belgilangan muddatda qayta qiyoslovdan o‘tkazilmagani, nazorat muhri mavjud emasligi hamda ayrim texnik masalalar mavjudligi aniqlangan. Shu bilan birga, qarzdorlik hisoblash jarayonida ma'lumotlar bazasi yetarlicha chuqur o‘rganilmagani ma'lum bo‘ldi.
Mutaxassislar tomonidan hisoblagichning avvalgi ma'lumotlari ham qayta ko‘rib chiqildi. Natijada hisoblagich bo‘yicha ma'lumotlar bazaga kiritilgani, ammo qayta qiyoslov muddati o‘tib ketgani sababli tushunmovchiliklar yuzaga kelgani ma'lum bo‘ldi. Iste'molchiga qonunchilik talablari va hisoblagichlarni o‘z vaqtida qiyoslovdan o‘tkazish tartibi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.
Eng muhimi, murojaat yuzasidan qo‘shimcha o‘rganishlardan keyin fuqaro xonadonida ichimlik suvi ta'minoti bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi tasdiqlandi. Natijada asossiz hisoblangan qarzdorlik masalasi bartaraf etildi va iste'molchining huquqlari tiklandi.
Ushbu holat barcha iste'molchilar uchun muhim saboq bo‘la oladi. Kommunal xizmatlar bo‘yicha cheklar, shartnomalar va hisoblagichlarga oid hujjatlarni saqlab borish, hisoblagichlarni o‘z vaqtida qiyoslovdan o‘tkazish hamda asossiz qarzdorlik holatlari aniqlanganda vakolatli tashkilotlarga murojaat qilish zarur. Chunki har bir iste'molchi adolatli hisob-kitob va sifatli xizmat olish huquqiga ega.
























