Beruniy tumanidagi 1-sonli ko'p tarmoqli markaziy poliklinikasidagi vaziyatlar “islohot” degan so'zning ma'nosini yo'qotishga aylanib bormoqda. O'rganishlar natijasi masala faqatgina loyqa devorlar yoki eskirgan mebellardan iborat emasligini, balki tibbiyot muassasasining boshqaruv tizimidagi va shifokorlarning kasbiy qarashidagi chuqur inqirozda ekanligini ko'rsatadi.
1.D-med: Elektron tizim bor, biroq “qog'oz” ustunligi saqlanib turibdi Bugungi kunda barcha tibbiyot muassasalari D-med elektron tizimiga o'tib bormoqda. Biroq, Beruniy tumanidagi 1-sonli ko'p tarmoqli markaziy poliklinikasidagi vaziyat boshqacha: tizim bo'lsa-da, shifokorlar hamon dori-darmonlar uchun “retsept” deb qog'oz yozib berishni “kasb” etgan. Bu – xalqning vaqtini olish va aldashdan boshqa narsa emas. Nima uchun elektron tizim kiritildi? Agar shifokorlar undan foydalanmaydigan bo'lsa, unda bu muassasada kimlar o'z ishini bajarib yotibdi?
2.Kutish zallari va “tushlik” bahonalari Poliklinika koridorlarida vaziyat juda og'ir. Navbat kutib turgan qariyalar, nogironligi bor odamlar va kichkina bolali onalar uchun o'tiradigan joylar ham yetarli emas. Odamlar tik oyoqda, sovuq munosabatga chidab navbat kutadilar. Shifokorlar esa, “tushlik” vaqtini bahona qilib, soat 12:00 dan so'ng xalqni hech qiqinchiliksiz “tushdan keyin keling” deb bekorga qaytarib yubormoqdalar.
3.Boshqaruv tizimidagi “tinchsizlik”: tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori, bosh buxgalter va xo'jalik mudiri Masalaning ildizi – poliklinika boshqaruvida emasmi? Xo'jalik mudiri qayerda muammo bo'lsa, darhol bosh shifokorga ma'lumot berishi kerak emasmi? Bosh shifokor: Boshqarish va nazorat qilish o'rniga, faqatgina “majlisba-majlis” yurishni qobiliyat deb hisoblaydi.
Bosh buxgalter: Shifokorlar va xodimlarning xizmat safari va o'qishga ketadigan pullari, shuningdek, boshqa tegishli to'lovlari vaqtidan kechikib tushirib berilayotganligi, ularning noroziligiga sabab bo'lmoqda. Xo'jalik mudiri: Muassasada suv yo'q, loyqa devorlar. Bu kamchiliklarni ko'rib turib nega chora ko'rmaydi? Bemorlar 5-10 litrli baklashkalarda suv ko'tarib yurishga majbur.
4.“Qo'lingdan kelganini qil!” – munosabat Poliklinika rahbarlariga va shifokorlariga ehtiyoj yuzasidan murojaat etilganda, ular “Qo'lingdan kelganini qil, bari bir qo'lingdan hech narsa kelmaydi” degan kibrli javob qaytaradilar. Davlat tomonidan berilayotgan moliyaviy qo'llab-quvvatlashlar va islohotlar shu “kibrli” rahbarlarning cho'ntagiga yoki bo'sh “majlislariga” ketib yotgan yo'qmi?
Biz Sog'liqni saqlash vazirligidan va tegishli nazorat qiluvchi tashkilotlardan talab etamiz:
1.Beruniy tumanidagi 1-sonli poliklinikasidagi boshqaruv (Bosh shifokor, bosh buxgalter, xo'jalik mudiri) faoliyatini qat'iy o'rganish.
2.Xalqqa qo'pol munosabatda bo'lgan, o'z ishiga befarq, elektron tizimdan foydalanmaydigan shifokorlarga tegishli intizomiy choralar ko'rish.
3.Poliklinikada suv, o'tiradigan joylar va gigiyena talablarini tez arada o'z iziga tushirish.
Xalq dardi bilan yashash – shior emas, bu – har bir tibbiyot xodimining burchidir!
























