Bolalar stomatologiyasida xizmat sifati faqat tibbiy muolaja bilan emas, balki klinik xavfsizlik, sanitariya-gigiyena standartlari va bemor huquqlariga rioya etilishi bilan ham belgilanadi. Shu jihatdan, Andijon viloyati Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy boshqarmasi tomonidan Andijon shahrida joylashgan viloyat bolalar stomatologiya poliklinikasida monitoring o‘tkazilib, bolalarga ko‘rsatilayotgan stomatologik xizmatlarning tashkil etilishi va iste’molchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi.
🔻Monitoring jarayonida infeksiya nazorati, sanitariya-gigiyena rejimi, tibbiy xonalar va stomatologik uskunalarning sanitariya holati, dezinfeksiya va sterilizatsiya jarayonlari, tibbiy chiqindilarni xavfsiz boshqarish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, bolalar uchun xavfsiz klinik muhit yaratilgani, ota-onalarga tibbiy xizmatlar bo‘yicha zarur axborotning taqdim etilishi, xizmat ko‘rsatish jarayonining shaffofligi hamda iste’molchilarning murojaat qilish imkoniyatlari ko‘zdan kechirildi.
🔺Monitoring yakunida aniqlangan holatlar yuzasidan mas’ullarga tegishli amaliy tavsiya va tushuntirishlar berilib, tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida klinik xavfsizlik va sanitariya standartlariga rioya etish, bolalar uchun qulay va xavfsiz muhitni ta’minlash hamda iste’molchilarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi. Mazkur yondashuv stomatologik xizmatlar sifatini baholashda xavfsizlik, gigiyena va bemor manfaatlarini yagona tizimda ko‘rib chiqishga xizmat qiladi.
























