So‘nggi paytlarda maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketilmayotgani yuzasidan iste’molchilardan murojaatlar soni ortib bormoqda. Ayniqsa hududlarda chiqindi xizmatining belgilangan grafik asosida yo‘lga qo‘yilmagani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yashovchi fuqaro Abdumannov Azizjon Shukur o‘g‘li tomonidan O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga murojaat kelib tushgan. Murojaatda Bo‘stonliq tumani Kichiksoy MFY, Qatortosh ko‘chasida maishiy chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmayotgani, murojaatlardan keyingina xizmat ko‘rsatilayotgani bildirilgan.
Murojaat hududiy mutasaddilar tomonidan o‘rganilganda, haqiqatdan ham chiqindilarni olib chiqish ishlari muntazam emasligi aniqlangan. Holat yuzasidan “Rahnamo Servis” MCHJga tegishli tartibda ogohlantirish berilib, chiqindilarni belgilangan jadval asosida olib chiqish nazoratga olingani ma’lum qilingan.
Afsuski, bugungi kunda ayrim hududlarda maishiy chiqindi xizmatiga mas’ul tashkilotlar tomonidan xizmat sifati yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani kuzatilmoqda. Oqibatda aholi tomonidan takroriy murojaatlar ko‘paymoqda. Bu esa nafaqat sanitariya holatiga, balki fuqarolarning yashash muhiti va kayfiyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mas’ul tashkilotlar shuni unutmasligi kerakki, chiqindini vaqtida olib ketish oddiy xizmat emas, balki aholi salomatligi va toza ekologik muhit bilan bog‘liq muhim vazifadir. Fuqarolar har oy xizmat haqini to‘lar ekan, tabiiy ravishda sifatli va o‘z vaqtida xizmat kutadi.
Toshkent viloyati Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi tomonidan bu kabi murojaatlar nazoratga olinib, iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
Chiqindi xizmatidagi muammolar aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 12
























