Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasining Raqobat boshqarmasi bilan kelishilgan amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida jamoatchilik nazorati tartibida o‘tkaziladigan kuzatuv-o‘rganishlar rejasiga ko‘ra viloyat hududidagi davlat va xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan aholi (iste'molchilar)ga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va ularga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
O‘rganish ishlari bilan, tanlama asosda, viloyat hududidagi 99 ta tibbiyot muassasalari qamrab olinib, shulardan 4 ta xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan iste'molchilar tanishishi uchun qulay joyga nomi, yuridik manzili, ish rejimi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘zida aks ettirgan peshlavha qo‘yilmaganligi qayd qilindi.
Shuningdek, faoliyati lisenziya asosida amalga oshiriladigan xususiy tibbiyot muassasalaridan jami 21 tasida lisenziya nusxasi iste'molchilar tanishishi uchun qulay joy (axborot burchaklari)ga qo‘yilmaganligi kuzatildi. Bundan tashqari 2 ta xususiy tibbiyot muassasasi lisenziyaga ariza topshirganligini ma'lum qilgan.
Iste'molchi (bemor)lar tomonidan tashkilot mas'ullariga murojaat qilish (qoldirish, yuborish) imkoniyatlari yaratilganligi, xususan bog‘lanish uchun telefon raqamlari berilganligi holati o‘rganilganda, ulardan 5 tasida ishchi holatida bo‘lmagan raqamlar berilganligi, 10 tasida esa umuman bunday ma'lumotlar mavjud emasligi kuzatildi.
Muassasalarning 63 tasida iste'molchilarda e'tirozlar bo‘lganda o‘z shikoyat va takliflarini bildirishlari uchun alohida jurnal (daftar)lar yuritilganligi ijobiy holat sifatida baholangan bo‘lsa, 36 ta muassasada ushbu qulaylik o‘z ish faoliyatlariga joriy etilmagan. Shuningdek, axborot texnologiyalari keng rivojlangan bugungi kunda o‘rganilgan muassasalarning 65 tasiga elektron shaklda murojaat qilish imkoniyatlari mavjud emas.
Amaldagi qonunchilik xizmat ko‘rsatuvchidan o‘zi tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar va ularning narxlari (tariflari) haqida oldindan ma'lum qilish majburiyatini yuklaydi. Biroq o‘rganish o‘tkazilgan 7 ta tibbiyot muassasasida yuqori turuvchi idora yoki tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlangan preyskurantlar qilinmagan, 11 tasida esa preyskurantlar tanishish uchun qo‘yilmagan va iste'molchilar e'tiboriga havola qilinmaganligi sababli aholi (iste'molchilar)ga xizmatlar narxlari haqida oldindan ma'lumot olishlari uchun sharoit yaratib berilmaganligi kuzatildi.
Shuning bilan birgalikda, 12 ta holatda xizmatlardan foydalanuvchilarga kassa cheklarini berilmaganligi, 2 ta holatda esa iste'molchi (bemor)larga bepul asoslarda ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan xizmatlar uchun haq undirish holatlari ham kuzatilib, o‘rganish yakunlari yuzasidan tayyorlangan ma'lumotlar belgilangan chora-tadbirlarini amalga oshirilishi uchun viloyat Raqobat boshqarmasiga kiritildi.
























