Denov tumanida chiqindi xizmati uchun hisoblangan qarzdorlik yuzasidan kelib tushgan murojaat o‘rganilib, iste’molchining qonuniy manfaatlari himoya qilindi hamda asossiz qarzdorlik to‘liq bartaraf etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Denov tumanining Lochin MFY, Oxangrabo ko‘chasi, 11-uyida yashovchi fuqaro P. To‘xtaev Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga og‘zaki murojaat qilgan. Murojaatda fuqaro xonadonida amalda 4 nafar kishi istiqomat qilib kelayotgan bo‘lsa-da, “Toza hudud” korxonasi tomonidan chiqindi xizmati uchun undan 6 nafar kishi nomiga qarzdorlik hisoblanayotgani, natijada asossiz ortiqcha to‘lov yuzaga kelganidan norozi ekanini bildirgan.
Mazkur murojaat belgilangan tartibda qabul qilinib, Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish jarayonida fuqaroning vajlari, xonadondagi amaldagi yashovchilar soni hamda chiqindi xizmati bo‘yicha shakllantirilgan hisob-kitob hujjatlari atroflicha tahlil qilindi.
O‘rganish natijasida fuqaro xonadonida haqiqatda 4 nafar kishi yashashi, biroq xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan unga 6 nafar kishi uchun 1 517 000 so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblangani aniqlandi. Holat yuzasidan mas’ul tashkilot bilan tegishli tushuntirish va muvofiqlashtirish ishlari olib borildi.
Ko‘rilgan amaliy choralar natijasida murojaat qayta ko‘rib chiqilib, chiqindi xizmati bo‘yicha hisob-kitoblar qayta hisoblandi hamda fuqaro nomiga asossiz chiqarilgan 1 517 000 so‘mlik qarzdorlik to‘liq bartaraf etildi. Shu tariqa iste’molchining qonuniy talabi qanoatlantirilib, masala uning foydasiga ijobiy hal etildi.
Mazkur holat kommunal xizmatlar bo‘yicha to‘lovlarni shakllantirishda aniqlik va shaffoflik muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Xususan, iste’molchilar yashovchilar soni, xizmat hajmi va hisoblangan to‘lovlar to‘g‘riligini muntazam nazorat qilib borishi, shubhali holatlarda esa tegishli tashkilotlarga murojaat qilishi maqsadga muvofiq.
Agar iste’molchi nomiga asossiz qarzdorlik chiqarilsa yoki xizmat haqi noto‘g‘ri hisoblangan bo‘lsa, u belgilangan tartibda ushbu hisob-kitobni qayta ko‘rib chiqishni talab qilish, shuningdek, o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan vakolatli organlarga murojaat etish huquqiga ega.
Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yuzaga kelayotgan nizolarni hal etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























