Выберите язык

Chiroyli ko'rinish istagi har bir ayolga xos. Shu sababli bugungi kunda go'zallik salonlari xizmatlariga talab tobora ortib bormoqda. Soch turmagi, bo'yanish, tirnoq parvarishi, kiprik va qosh xizmati, kosmetologiya muolajalari — bularning barchasi kundalik hayotimizning bir qismiga aylandi.
Biroq go'zallik ortidan quvib, sog'lig'imiz va huquqlarimizni unutib qo'ymayapmizmi?
So'nggi yillarda sifatsiz xizmat, sterilizatsiya qoidalariga rioya qilinmagani, noto'g'ri kosmetik vositalardan foydalanish yoki reklamada va'da qilingan natija bilan amaldagi xizmat o'rtasidagi tafovut yuzasidan e'tirozlar ko'paymoqda.
Ba'zan mijoz salonni ijtimoiy tarmoqlardagi chiroyli suratlar yoki arzon narxiga qarab tanlaydi. Ammo xizmat sifati, mutaxassisning malakasi va sanitariya talablariga e'tibor bermaydi. Natijada esa kuyish, allergik reaksiya, terining shikastlanishi yoki sochning jiddiy zararlanishi kabi holatlar yuz berishi mumkin.
Salonni tanlashda nimalarga e'tibor berish kerak?
Avvalo, xizmat ko'rsatuvchi salonning sanitariya holatiga nazar tashlang. Asbob-uskunalar sterilizatsiya qilinadimi? Bir martalik qo'lqop, salfetka va boshqa gigiyena vositalaridan foydalaniladimi?
Mutaxassis ishlatadigan kosmetik vositalarning qadoqlanishi, yaroqlilik muddati va ishlab chiqaruvchisi ko'rsatilganmi?
Kosmetologik yoki murakkab muolajalardan oldin sizga natija, ehtimoliy xavflar va parvarish qoidalari tushuntirildimi?
Bu savollarni berish mijozning nafaqat huquqi, balki sog'lig'ini himoya qilishning ham muhim shartidir.
"Rasmdagidek chiqadi" degan va'daga darrov ishonmang
Ijtimoiy tarmoqlarda "oldin va keyin" suratlari, filtrlangan videolar va reklama roliklari ko'p uchraydi. Ammo har bir insonning sochi, terisi va organizmi individual. Bir mijozda yaxshi natija bergan muolaja boshqasida aynan shunday bo'lmasligi mumkin.
Shuning uchun xizmat natijasi bo'yicha mutlaq va'dalar berilishi iste'molchida noto'g'ri tasavvur uyg'otishi mumkin. Mutaxassis mijozga xizmatning imkoniyatlari va cheklovlarini ochiq tushuntirishi zarur.
Natija va'da qilingandek bo'lmasa nima qilish kerak?
Avvalo, salon ma'muriyatiga murojaat qiling va kamchilikni bartaraf etishni yoki vaziyatga izoh berishni so'rang. Murojaatingizni imkon qadar yozma shaklda rasmiylashtirish maqsadga muvofiq.
To'lov cheki, xizmat uchun yozishmalar, shartnoma (agar mavjud bo'lsa), xizmatdan oldingi va keyingi suratlar nizoni hal etishda muhim dalil bo'lishi mumkin.
Agar muammo joyida hal etilmasa, iste'molchi o'z huquqlarini himoya qilish uchun belgilangan tartibda vakolatli organlarga yoki Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilishi mumkin.
Go'zallik xizmatida ham iste'molchi huquqlari amal qiladi
Ko'pchilik go'zallik saloniga borishni oddiy xizmat deb hisoblaydi. Aslida esa bu ham iste'molchiga ko'rsatilayotgan pullik xizmatdir. Demak, mijoz:
xavfsiz xizmat olishga;
xizmat haqida to'liq va ishonchli ma'lumot olishga;
xizmat sifati belgilangan talablarga mos bo'lishini kutishga;
huquqi buzilgan taqdirda uni himoya qilishni talab qilishga haqli.
Xulosa
Go'zallik insonning o'ziga bo'lgan ishonchini oshiradi. Ammo bu yo'lda sog'liq va xavfsizlik birinchi o'rinda turishi kerak.
Salon tanlashda shoshilmang. Narx yoki chiroyli reklama emas, mutaxassisning malakasi, sanitariya qoidalariga rioya etilishi va xizmat sifati asosiy mezon bo'lsin.
Chiroyli natija faqat professional xizmat va iste'molchining ongli tanlovi uyg'unlashgandagina yuzaga keladi.

Muallif: Rano Abdullayeva
Toshkent viloyati Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi matbuot rahbari

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening