O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi tomonidan tasdiqlanib, Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi bilan kelishilgan jamoatchilik nazorati tartibida o‘tkaziladigan kuzatuv-o‘rganishlar rejasiga muvofiq, hududiy birlashmaning 2026 yil 9 iyundagi 17-i/ch-sonli buyrug‘iga bilan, joriy yilning 9–30 iyun kunlari davomida viloyat hududidagi ulgurji va dehqon bozorlari, savdo do‘konlari, yirik market hamda supermarketlarda oziq-ovqat xavfsizligi, mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlari, davlat sertifikatlashtirish talablariga rioya qilinishi, yodlangan osh tuzi savdosi hamda sanitariya qoidalariga amal qilinishi yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi.
Asosiy maqsad aholiga taklif etilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi va sifati, ularning belgilangan talablarga muvofiqligi hamda iste'molchilar huquqlarining ta'minlanish darajasini baholashdan iborat bo‘ldi.
Jamlangan ma'lumotlarga ko‘ra, mahsulotlarga oid sertifikatlar 207 ta obyektda mavjud bo‘lib, 36 ta obyektda mavjud emasligi yoki o`rganish kunida taqdim eta olinmaganligi qayd qilindi. Bu holat ayrim tadbirkorlik sub'ektlarida mahsulotlarning qonuniy aylanmasi va xavfsizligi bo‘yicha nazoratni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Mahalliy mahsulotlar markirovkasi bo‘yicha vaziyat nisbatan ijobiy bo‘lib, 180 ta obyektda talablar to‘liq, 62 ta holatda qisman bajarilganligi kuzatilib, 1 ta holatda bu boradagi talablarga amal qilinmaslik holati qayd qilingan.
Import mahsulotlarida davlat tilidagi markirovka bo‘yicha ham ijobiy ko‘rsatkichlar kuzatildi. 224 ta obyektda mazkur talablar ta'minlangan bo‘lsa, 19 ta obyektda bu boradagi talablarni ta’minlamaganlik holati kuzatilgan.
Narx yorliqlarini rasmiylashtirish holati tahlil qilinganda, 142 ta obyektda talablarga to‘liq, 89 ta obyektda esa qisman rioya etilganligi, 12 ta obyektda esa narx yorliqlari belgilangan talablarga javob bermasligi qayd qilingan.
O`rganishda tovarlar qadoqlarida mahsulotlarning yaroqlilik muddatlari ko‘rsatilmaslik qayd etilmagan bo`lsada, muddati o‘tgan mahsulotlar bilan bog‘liq holatlar majudligi ko`rilgan. Jumladan, 65 ta obyektda muddati o‘tgan mahsulotlar mavjudligi qayd qilingan va ularni savdodan olish choralari ko`rilgan.
Sovutgich va muzlatgichlarning texnik holati asosan qoniqarli baholandi. 231 ta obyektda jihozlar ishchi holatda bo‘lsa, 11 ta obyektda qisman nosozliklar mavjudligi, 1 ta obyektda esa umuman ishlamasligi qayd etildi.
Mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi (tayyorlovchi) tomonidan belgilagan saqlash shartlariga rioya qilinishi bo‘yicha 240 ta obyektda mazkur talablar to`liq yoki qisman bajarilganligi kuzatilgan bo`lsa, 3 ta obyektda ushbu talablarga rioya etilmaganlik holatlari bor.
Yodlangan osh tuzi savdosi bo‘yicha natijalar ijobiy bo‘lib, 222 ta obyektda yodlangan tuz mavjudligi va ularning qadog`i belgilangan talablarga javob berishi kuzatildi. 21 ta obyektda o`rganish kunida savdoda osh tuzi bo`lmaganligi sababli mazkur talablarga rio etilish yoki etilmasligi holatlarini o`rganishni imkoni bo`lmadi.
Ochiq holda sotilayotgan mahsulotlarning sanitariya talablariga muvofiq himoya qilinishi yuzasidan 156 ta obyektda talablar bajarilgan, 65 ta obyektda qisman, 22 ta obyektda esa mahsulotlar yetarli darajada himoyalanmagan.
Sotuvchilarning maxsus kiyimda faoliyat yuritishi masalasida 81 ta obyektda talablarga to‘liq amal qilingan, 57 ta obyektda qisman, 105 ta obyektda esa maxsus kiyimdan foydalanilmagani kuzatildi. Bu sanitariya madaniyati bo‘yicha eng dolzarb muammolardan biri ekani namoyon bo‘ldi.
Sotuvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘yicha 148 ta obyektda hujjatlar mavjudligi ko`rilib, 95 ta obyektda mazkur hujjatlarni taqdim eta olmaganlar.
Umuman olganda, monitoring natijalari Farg‘ona viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta'minlash borasida ijobiy ishlar amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, import mahsulotlarining davlat tilida markirovkalanishi, yodlangan osh tuzi savdosi, sovutish jihozlarining ishchi holati va saqlash shartlariga rioya etilishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar yaxshi darajada shakllangan.
Shu bilan birga, mahsulot sertifikatlarining to‘liq rasmiylashtirilmasligi, narx yorliqlarini to‘g‘ri yuritmaslik, muddati o‘tgan mahsulotlarning savdoda uchrashi, ochiq holda sotilayotgan mahsulotlarning sanitariya talablariga muvofiq himoya qilinmasligi, sotuvchilarning maxsus kiyimsiz faoliyat yuritishi va tibbiy ko‘rik hujjatlarining mavjud emasligi kabi holatlar tizimli muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda quyidagi takliflar bildiriladi:
Savdo obyektlarida mahsulot sertifikatlari, muvofiqlik hujjatlari va markirovkalarning to‘liqligini doimiy nazorat qilish bo‘yicha ichki audit tizimini yo‘lga qo‘yish.
Sotuvchilar tomonidan muddati o‘tgan mahsulotlarni sotuvdan zudlik bilan chiqarish bo‘yicha har kunlik ichki tekshiruv jurnalini yuritishni joriy etish.
Savdo obyektlarida barcha mahsulotlarga yagona namunadagi narx yorliqlarini joriy etish va ularning muntazam yangilanishini ta'minlash.
Import mahsulotlarida davlat tilidagi markirovka talablariga amal qilmagan tadbirkorlik sub'ektlari bilan manzilli ishlash va qonunchilik talablarini tushuntirish.
Savdo obyektlarida ishlovchi xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishini raqamli hisobga olish tizimini joriy etish.
Yodlangan osh tuzining mavjudligi va sifati bo‘yicha monitoringlarni muntazam davom ettirish hamda aholi o‘rtasida yod tanqisligining oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish.
Brifing spikeri: Shaxlo Kasimova - hududiy birlashma mutaxassisi.
🔹 Youtube kanalida tomosha qilish havolasi: https://youtu.be/PVc0qjKG7j8?si=cSU-obQDp1ZmfO52
























