Выберите язык

Fuqarolik jamiyati institutlarining asosiy vazifalaridan biri – davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aholini qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan rasmiy axborot olish hamda jamoatchilikka ishonchli ma'lumot yetkazishdan iborat.

Shu maqsadda O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan "Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida"gi Qonun talablariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga rasmiy jamoatchilik so‘rovi yuborildi. So‘rovda yo‘l harakati xavfsizligi sohasida fuqarolar tomonidan eng ko‘p bildirilayotgan savollar va amaliy muammolar ko‘tarildi.

Nega aynan jamoatchilik so‘rovi kiritildi?

So‘nggi yillarda yo‘l harakati qoidalarini nazorat qilishda intellektual kameralar, foto va video qayd etish vositalari hamda stasionar va mobil radarlar soni ortmoqda. Bu esa jamoatchilikda qator savollarni ham keltirib chiqarmoqda.

Xususan:

- fotoradarlar qaerlarga va qanday mezonlar asosida o‘rnatiladi?
- ularning joylashuvi haqida ma'lumot ochiqmi?
- har bir kamera qaysi qoidabuzarliklarni qayd etadi?
- «Radar» yo‘l belgisi qaerga o‘rnatilishi shart?
- jarima ballari qanday hisoblanadi?
- jarimani boshqa haydovchiga o‘tkazish mumkinmi?
- qarorlar ustidan qanday tartibda shikoyat qilish mumkin?

Federatsiya ushbu savollarga rasmiy va huquqiy asoslangan javob olish maqsadida Ichki ishlar vazirligiga jamoatchilik so‘rovi kiritdi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati javobida qayd etilishicha, Prezidentning PF–6247-son Farmoni talablariga muvofiq respublika hududida o‘rnatilgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish qurilmalari haqidagi ma'lumotlar Ochiq ma'lumotlar portaliga muntazam joylashtirib boriladi.

Portalda har bir qurilmaning:

- aniq manzili;
- joylashgan hududi;
- geografik koordinatalari;
- qaysi turdagi qoidabuzarliklarni qayd etishi bilan tanishish mumkinligi ma'lum qilindi. Shuningdek, respublika bo‘yicha onlayn ishlayotgan fotoradarlar va intellektual kameralarga oid ma'lumotlar muntazam yangilanib borishi ta'kidlangan.

Javobda aholini qiziqtirayotgan yana bir muhim masala - «Radar» belgisini o‘rnatilishiga ham aniqlik kiritildi.

Vazirlar Mahkamasining 318-son qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab harakat tezligini nazorat qiluvchi har qanday stasionar yoki mobil radar joylashgan hududda hamda radardan kamida 250 metr va ko‘pi bilan 500 metr oldin «Radar» yo‘l belgisi o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi.

Bu norma haydovchilarni oldindan ogohlantirish va yo‘l harakatida shaffoflikni ta'minlashga xizmat qiladi.

Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, foto va video qayd etish qurilmalari xohlagan joyga emas, balki kompleks tahlillar asosida o‘rnatiladi.

Bunda:

- yo‘l-transport hodisalari tahlili;
- harakat intensivligi;
- yo‘l infratuzilmasi;
- transport va piyodalar oqimi;
- aholi murojaatlari;
- mutasaddi tashkilotlarning xulosalari inobatga olinadi.

Shundan keyin qaysi hududga intellektual kamera, qaerga tezlik radari yoki piyodalar xavfsizligini nazorat qiluvchi qurilma o‘rnatilishi belgilanadi.

Federatsiya so‘rovida jarima ballari tizimi ham alohida ko‘tarilgan.

IIV ma'lum qilishicha, amaldagi tartibga ko‘ra haydovchilar hisoblangan jarima ballari haqidagi ma'lumotlarni:

- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP);
- "Saferoad YHXX" mobil ilovasidagi shaxsiy kabineti orqali ko‘rishlari mumkin.

Bu haydovchilar uchun o‘z holatini mustaqil nazorat qilish imkoniyatini yaratadi.

Jamoatchilik so‘rovida ko‘tarilgan yana bir amaliy masala – transport vositasini boshqa shaxs boshqargan holatlarda javobgarlikni rasmiylashtirish tartibi edi.

YHXX ma'lum qilishicha, bugungi kunda YaIDXP va "Saferoad YHXX" mobil ilovasida «Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni boshqa shaxsga o‘tkazish» xizmati ishlab turibdi.

Shu bilan birga, ushbu xizmatdan foydalanish majburiy emas, balki fuqaroning xohishiga ko‘ra amalga oshirilishi ta'kidlangan.

Ushbu jamoatchilik so‘rovi faqat bir tashkilotga yuborilgan oddiy xat emas.

Eng muhimi, u orqali aholini qiziqtirayotgan dolzarb savollarga davlat organining rasmiy munosabati olindi. Bu esa yo‘l harakati xavfsizligi sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash, fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirish hamda elektron xizmatlardan samarali foydalanishga xizmat qiladi.

Federatsiya kelgusida ham "Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida"gi Qonunda belgilangan vakolatlardan samarali foydalangan holda davlat organlari faoliyati yuzasidan jamoatchilik so‘rovlari kiritish, iste'molchilarni qiziqtirayotgan masalalar bo‘yicha rasmiy axborot olish va ularni keng jamoatchilikka yetkazish ishlarini izchil davom ettiradi.

Bu esa davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash, aholining qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash hamda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening