Grant tanlovi targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
Namangan viloyatida Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining hududiy bo‘linmasi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi hamkorligida navbatdagi davlat granti tanlovini keng targ‘ib etishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Namangan viloyat hududiy birlashmasi, shuningdek, shahar va tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga e’lon qilingan davlat granti tanlovining asosiy maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari hamda tanlovda ishtirok etish tartibi haqida batafsil tushunchalar berildi.
Xususan, grant loyihalarini tayyorlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar, loyiha g‘oyasini to‘g‘ri shakllantirish, maqsad va vazifalarni aniq belgilash, kutilayotgan natijalarni asoslab berish hamda loyiha xarajatlarini maqsadga muvofiq rejalashtirish masalalari yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shuningdek, ngo.gov.uz elektron platformasidan foydalanish tartibi, platformada ro‘yxatdan o‘tish, loyiha hujjatlarini elektron shaklda tayyorlash va topshirish, zarur ma’lumotlarni to‘g‘ri kiritish hamda tanlov jarayonida yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Tadbirda davlat grantini qo‘lga kiritgan tashkilotlar tomonidan ajratilgan mablag‘lardan maqsadli, samarali va qonunchilik talablariga muvofiq foydalanish, loyiha doirasidagi xarajatlarni belgilangan tartibda amalga oshirish, moliyaviy hujjatlarni yuritish va sarflangan mablag‘lar bo‘yicha hisobotlarni to‘g‘ri shakllantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, nodavlat notijorat tashkilotlari uchun qonunchilikda belgilangan moliyaviy imtiyozlar, grant mablag‘larini ishlatish tartibi, loyihalarni amalga oshirish jarayonidagi mas’uliyat hamda mablag‘lardan foydalanishda shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha zarur tushunchalar berildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olib, grant tanlovlarida faol ishtirok etish, hududlardagi dolzarb muammolarga qaratilgan ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan tavsiyalarga ega bo‘ldilar.
Eslatib o‘tamiz, davlat granti tanloviga loyihalarni topshirish muddati 2026-yil 22-avgustdan 22-sentabrga qadar davom etadi.
























