Farg‘ona tumanida yashovchi fuqaro Sh. Sh. xonadonidagi elektr energiyasi hisoblagichi bilan bog‘liq muammo tufayli iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Uning ta'kidlashicha, xonadonga o‘rnatilgan elektr hisoblagichi ma'lum vaqt davomida nosoz holatda bo‘lganiga qaramay, elektr energiyasi uchun to‘lovlar amalga oshirib kelingan. Keyinchalik esa fuqaro zimmasiga qarzdorlik hisoblangan. Murojaatda hisoblagichning texnik holatini o‘rganish va qarzdorlikning qonuniy asoslarini aniqlash so‘ralgan.
Murojaat Farg‘ona tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganilib, masalaga oydinlik kiritish uchun Farg‘ona tuman elektr ta'minoti korxonasiga rasmiy so‘rov yuborildi. Korxonaning javob xatida fuqaroning xonadondagi hisoblagichi va hisob-kitoblari tekshirilgani ma'lum qilindi. O‘rganish davomida hisoblagich ma'lumotlari «HET Billing» tizimiga avtomatik tarzda uzatilmagani, keyinchalik esa kuni hisoblagich ko‘rsatkichlari dasturga noto‘g‘ri ravishda uzatilib, hisob-kitob amalga oshirilgani qayd etilgan.
Natijada fuqaroning hisob-kitobi qayta ko‘rib chiqildi. Hujjatlarda dastlab 5 million 500 ming so‘m atrofida qarzdorlik masalasi ko‘tarilgan bo‘lib, o‘rganish natijasida hisob-kitobga aniqlik kiritildi va iste'molchining zimmasidagi qarzdorlik qayta hisoblandi. Natija fuqaroda 5 mln 500 ming emas, balki 2 403 016 so‘m haqiqiy qarzdorlik mavjudligini ko‘rsatdi.
Mazkur holat kommunal xizmatlar bo‘yicha hisob-kitoblarda texnik ma'lumotlarning to‘g‘ri shakllantirilishi qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi. Elektr hisoblagichi bilan bog‘liq nosozlik yoki ma'lumotlarni tizimga uzatishda xatolik yuzaga kelganida, iste'molchiga tushunarsiz miqdorda qarzdorlik hisoblanishi mumkin.
Shu sababli xonadondagi elektr hisoblagichi ko‘rsatkichlarini muntazam nazorat qilib borish, to‘lov hujjatlarini saqlash va hisob-kitobda keskin o‘zgarish sezilsa, uning sababini aniqlash muhim. Agar hisoblagichdagi nosozlik iste'molchining aybi bilan bog‘liq bo‘lmasa, masalani hujjatlar asosida qayta ko‘rib chiqishni talab qilish mumkin.
























