Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash hamda qonuniy manfaatlarini sud tartibida himoya qilish O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi tizimining ustuvor vazifalaridan biridir. Federatsiya tizimida faoliyat yuritayotgan hududiy birlashmalar tomonidan fuqarolarning murojaatlari atroflicha o‘rganilib, zarur hollarda ularning manfaatlari sudlarda himoya qilinmoqda.
Ana shunday murojaatlardan biri O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Toshkent shahar hududiy birlashmasi tomonidan o‘rganilib, iste’molchi manfaatlari sud tartibida himoya qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro A.J. 2025-yil 13-fevral kuni “Linsof” MCHJ bilan oshxona mebeli va boshqa mebel mahsulotlarini tayyorlash bo‘yicha shartnoma tuzgan hamda buyurtma uchun 130 million so‘m miqdorida oldindan to‘lov amalga oshirgan. Shartnomaga ko‘ra, tadbirkor belgilangan muddatda sifatli mahsulot tayyorlab, buyurtmachiga topshirishi lozim edi.
Biroq iste’molchiga yetkazib berilgan mebel mahsulotlari va eshiklar shartnomada nazarda tutilgan sifat talablariga javob bermagani, bo‘yoq ishlari sifatsiz bajarilgani hamda turli nuqsonlarga ega ekani aniqlangan. Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida iste’molchi o‘z hisobidan mutaxassislarni jalb etib, mebel va eshiklarni qayta ta’mirlash hamda bo‘yash ishlarini amalga oshirishga majbur bo‘lgan.
Holat O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Toshkent shahar hududiy birlashmasi tomonidan huquqiy jihatdan o‘rganilib, fuqaroga yetkazilgan moddiy zarar miqdori hisob-kitob qilindi. Natijada iste’molchining buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida Mirobod tumanlararo fuqarolik sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Sud jarayonida taraflarning tushuntirishlari, taqdim etilgan hujjatlar, mutaxassis xulosalari, fotosuratlar hamda boshqa dalillar atroflicha o‘rganildi. Ish materiallaridan mebel va eshiklar shartnomada ko‘rsatilgan sifat darajasida tayyorlanmagani, kamchiliklarni bartaraf etish uchun esa iste’molchi tomonidan katta miqdorda xarajat qilingani o‘z tasdig‘ini topdi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2026-yil 26-avgustdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, Toshkent shahar hududiy birlashmasining da’vo talablari qanoatlantirildi. Sud qarori bilan “Linsof” MCHJdan iste’molchi foydasiga 158 million 784 ming so‘m moddiy zarar hamda 40 ming so‘m pochta xarajati undirilishi belgilandi. Shuningdek, javobgardan davlat foydasiga 6 million 351 ming 360 so‘m davlat boji undirish haqida qaror qabul qilindi.
Mazkur sud qarori iste’molchilarning huquqlari qonun bilan ishonchli himoya qilinishini, tadbirkorlik subyektlari esa o‘z majburiyatlarini sifatli va vijdonan bajarishi shart ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
Iste'molchi manfaatlari sudda himoya qilindi
- Информация о материале
- Автор: Poytaxt matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 11
























