Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga sifatli xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash hamda kelib tushayotgan murojaatlarni qonunchilik talablariga muvofiq ko‘rib chiqish Federatsiya tizimidagi hududiy birlashmalar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, turizm xizmatlari bilan bog‘liq murojaatlarni o‘rganish va iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Toshkent shahar hududiy birlashmasiga Federatsiyaning 1091 ishonch telefoni orqali Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro murojaati kelib tushdi. Murojaatda ta’kidlanishicha, iste’molchi joriy yilning 15-avgust kuni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi “Millenium Travel” turizm kompaniyasi bilan Ozarbayjon Respublikasida dam olish xizmatlarini tashkil etish yuzasidan shartnoma tuzib, mazkur xizmat uchun 50 320 000 so‘m miqdorida to‘lovni amalga oshirgan.
Murojaatchining bildirishicha, turistik paket tarkibiga kiritilgan ayrim xizmatlar amalda shartnomada ko‘rsatilgan darajada taqdim etilmagan. Xususan, shartnomada nazarda tutilgan mehmonxona bron qilinmagani, aviaqatnovlarda kechikishlar kuzatilgani hamda ko‘rsatilgan xizmatlar sifati iste’molchining kutgan talablariga javob bermagani sababli u xizmatlardan norozi bo‘lgan.
Shundan so‘ng iste’molchi 10-sentabr kuni turistik kompaniyaga murojaat qilib, shartnomani bekor qilish hamda to‘langan pul mablag‘larini qaytarish bo‘yicha ariza taqdim etgan. Biroq murojaatchining ta’kidlashicha, uning arizasi belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilmagan va masala yuzasidan aniq yechim taqdim etilmagan. Natijada u o‘zining iste’molchi sifatidagi huquqlarini himoya qilish maqsadida Federatsiyaning 1091 ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat Toshkent shahar hududiy birlashmasi tomonidan nazoratga olinib, o‘rganish uchun Shayxontohur tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yuborildi. Jamiyat mutaxassislari tomonidan murojaatda keltirilgan holatlar atroflicha o‘rganilib, iste’molchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxona vakillari bilan suhbatlar o‘tkazildi, taqdim etilgan hujjatlar va shartnoma shartlari tahlil qilindi. O‘rganishlar davomida turistik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan amaliy muzokaralar olib borilib, iste’molchining qonuniy manfaatlarini tiklash yuzasidan tegishli tushuntirish ishlari amalga oshirildi. Ko‘rilgan choralar va olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida tomonlar o‘rtasidagi masala ijobiy yechim topdi.
Natijada iste’molchiga 50 320 000 so'm miqdoridagi pul mablag‘lari qaytarib berilishi ta’minlandi hamda uning buzilgan huquqlari tiklandi. Shu tariqa fuqaroning murojaati qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etildi.
Iste’molchi murojaati ijobiy hal etildi hamda iste'molchiga 50 320 000 so'm pul mablag' qaytarildi
- Информация о материале
- Автор: Poytaxt matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 16
























