O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining navbatdagi hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda tizimning 2026-yil birinchi choragidagi faoliyati sarhisob qilinib, istiqboldagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda Toshkent shahri hamda hududiy birlashmalar mas’ullari ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, tizimda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham ochiq va tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.
Raqamlar nimani ko‘rsatmoqda?
Joriy yilning yanvar–mart oylarida Federatsiyaga fuqarolardan jami 4 146 ta murojaat kelib tushgan. Tizimli yondashuv va tezkor choralar natijasida ularning 95,6 foizi — 3 962 tasi ijobiy hal etilgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida iste’molchilar foydasiga 27,3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinib, undirib berildi.
Bu esa tizimning amaliy samaradorligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, sud organlariga 86 ta da’vo arizasi kiritilib, sud qarorlari asosida iste’molchilar foydasiga 1,4 milliard so‘mlik moddiy va ma’naviy zarar undirilishi ta’minlandi.
Eng ko‘p murojaatlar qaysi sohalarga to‘g‘ri kelmoqda?
Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi fuqarolarning kundalik hayoti bilan bevosita bog‘liq sohalarga to‘g‘ri keladi. Xususan, kommunal xizmatlar — 29,3%, savdo sohasi — 29,3%, gaz ta’minoti — 8,6%, elektr ta’minoti — 5,3%. Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatish, suv ta’minoti, aloqa hamda sog‘liqni saqlash sohalarida ham iste’molchilar tomonidan asosli e’tirozlar bildirilgan.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, tizimdagi asosiy muammolardan biri faoliyatning natijadan ko‘ra jarayonga yo‘naltirilganidir.
Ayrim hududlarda raqamlashtirish darajasi pastligi va jamoatchilik nazorati mexanizmlarining yetarli darajada ishlamayotgani tanqid qilindi.
Kamchiliklar va yangi vazifalar
Ayrim hududiy bo‘linmalarda murojaatlar bilan ishlash sifati va targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishda sustkashlik kuzatilayotgani alohida ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan kadrlar salohiyatini oshirish, axborot siyosatini zamonaviy yondashuvlar asosida qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi.
Kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar sifatida yagona raqamli platformani joriy etish — murojaatlar bilan ishlash jarayonini to‘liq raqamlashtirish va shaffoflikni ta’minlash, huquqiy savodxonlikni oshirish — aholining iste’molchi sifatidagi huquqlari bo‘yicha xabardorligini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro tajribani keng joriy etish — 2018-yildan buyon Consumers International xalqaro tashkilotiga a’zo bo‘lgan Federatsiya ilg‘or xorijiy tajribalarni milliy tizimga tatbiq etish belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga ijro intizomini kuchaytirish, har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini chuqur his etgan holda ishlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
























