2026-yil 16-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bozorda qonuniy va shaffof faoliyat yuritishni qo‘llab-quvvatlash, xufyona iqtisodiyot va noqonuniy aylanma holatlarining oldini olish, shuningdek, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar tomonidan sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy va iste’mol madaniyatini oshirish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Muloqot yakunida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Rahimjon Boboyev hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov tomonidan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Mazkur Memorandum qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasida qonuniylik va shaffoflikni mustahkamlash, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, xufyona iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
























