2026-yil 4-may kuni O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli “Ishonch telefoni” orqali Toshkent shahar hududiy birlashmasiga fuqaro M.H.ning murojaati kelib tushdi. Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro tomonidan joriy yilning 30-aprel kuni Toshkent shahar, Bektemir tumanida joylashgan “IDEA” savdo do‘konidan LG 9 kg “F2V7FS2P” rusumidagi kir yuvish mashinasini xarid qilish bo‘yicha shartnoma rasmiylashtirilgan. Mazkur texnika 2-may kuni iste’molchining yashash manziliga yetkazib berilgan. Biroq mahsulot qabul qilib olinib, ochib ko‘rilganida unda tashqi shikastlanishlar va nuqsonlar mavjudligi aniqlangan. Iste’molchi tomonidan savdo korxonasiga murojaat qilinib, mahsulotni almashtirish talabi bildirilgan bo‘lsa-da, sotuvchi tomonidan ushbu talab qanoatlantirilmagan hamda holat yuzasidan iste’molchining e’tirozlari rad etilgan.
Mazkur murojaat Toshkent shahar Sergeli tuman iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan belgilangan tartibda atroflicha o‘rganib chiqildi. O'rganishlar jarayonida muammoni bartaraf etish maqsadida korxona vakillari bilan tegishli muzokaralar olib borildi. Uchrashuvlar davomida amaldagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida korxona tomonidan iste’molchining talabi qanoatlantirilib, shikastlangan kir yuvish mashinasi yangisiga almashtirib berilishiga erishildi.
























