Выберите язык

O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoni orqali kelib tushgan navbatdagi murojaat Surxondaryo viloyati Angor tumanida ijobiy hal etildi.

Angor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.N. federatsiyaning ishonch telefoniga murojaat qilib, xarid qilgan suv motorida kafolat muddati davomida nuqson yuzaga kelgani, biroq savdo shoxobchasi tomonidan servis xizmati ko‘rsatilmayotganidan noroziligini bildirgan.

Suv motori qisqa muddatda ishlamay qolgan

Murojaatni o‘rganish davomida aniqlanishicha, iste’molchi 2025-yil oktabr oyida Angor tumanida joylashgan qurilish mollari savdo do‘konidan xonadoni ehtiyoji uchun 680 ming so‘mga suv motori xarid qilgan. Suv motori dastlab ma’lum muddat ishlab turgan. Biroq 2026-yil iyul oyiga kelib qurilma ishlash jarayonida ortiqcha qiziy boshlagan va natijada butunlay ishlamay qolgan.

Mahsulotning kafolat muddati tugamaganini hisobga olgan holda, iste’molchi suv motorini xarid qilgan savdo do‘koniga murojaat qilib, nosozlikni bartaraf etish uchun servis xodimlarini yuborishni so‘ragan. Shunga qaramay, savdo shoxobchasi mas’ullari turli sabablarni ro‘kach qilib, servis xizmatini tashkil etishni ortga surib kelgan.

Muammo o‘z vaqtida bartaraf etilmagach, fuqaro o‘zining qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Federatsiyaning 1091 ishonch telefoniga murojaat yo‘llagan. Mazkur murojaat federatsiyaning Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi tizimidagi Angor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga o‘rganish va tegishli choralar ko‘rish uchun yuborildi.

Tuman jamiyati mutaxassislari murojaatda bayon etilgan holatlarni o‘rganib, suv motori xarid qilingan savdo shoxobchasi vakillari bilan uchrashdi. Muloqot davomida iste’molchiga kafolat muddati davomida zarur servis xizmatini ko‘rsatish, mahsulotdagi nuqsonlarni bartaraf etish hamda xaridorning murojaatiga o‘z vaqtida munosabat bildirish zarurligi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi. Jamiyat xodimlarining aralashuvi va olib borilgan tushuntirish ishlaridan so‘ng savdo do‘koni tomonidan servis mutaxassislari jalb qilindi. Nosoz suv motori texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, undagi kamchiliklar bartaraf etildi va qurilma yana soz holatga keltirildi. Shu tariqa, iste’molchining murojaatida ko‘rsatilgan muammo ijobiy yechim topib, uning buzilgan huquqi tiklandi.

Kafolat hujjatlarini saqlash muhim

Mazkur holat xarid qilingan texnik mahsulotlarga oid chek, kafolat taloni va boshqa hujjatlarni saqlash naqadar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Mahsulotda nuqson aniqlangan taqdirda iste’molchi, avvalo, sotuvchiga yoki kafolat hujjatida ko‘rsatilgan servis markaziga murojaat qilishi lozim.

Murojaatga savdo cheki, kafolat taloni, mahsulotning fotosurati yoki nosozlikni tasdiqlovchi boshqa ma’lumotlarni ilova qilish masalaning tez va asosli o‘rganilishiga yordam beradi. Sotuvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot murojaatni e’tiborsiz qoldirsa, iste’molchi hududiy jamiyatlarga yoki Federatsiyaning ishonch telefoniga murojaat qilishi mumkin.

O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tuzilmalari fuqarolarning iste’molchilik huquqlarini himoya qilish, murojaatlarni o‘z vaqtida o‘rganish hamda muammolarni qonuniy tartibda hal etish bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirmoqda.

Iste’molchilik huquqlaringiz buzilgan taqdirda Federatsiyaning 1091 ishonch telefoniga murojaat qiling.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening