Fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Joriy yilning 21-avgust kuni O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Toshkent shahar hududiy birlashmasiga Federatsiyaning 1091 ishonch telefoni orqali Jizzax viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro N.B. tomonidan murojaat kelib tushdi. Murojaatda fuqaro Toshkent shahri Qo‘yliq massivi-5 Kichik halqa yo‘lida joylashgan “Actimed” kompaniyasidan “Fito Diabed” nomli mahsulotning 30 qutisini xarid qilgani va buning uchun jami 3 000 000 so‘m mablag‘ to‘laganini ma’lum qilgan. Iste’molchining ta’kidlashicha, mahsulotni iste’mol qilish jarayonida kutilgan natijaga erishilmagan, aksincha sog‘lig‘ida salbiy o‘zgarishlar kuzatilganligi sababli sotuvchi korxona tomonidan yetkazilgan zarar masalasini ko‘rib chiqishda amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat Toshkent shahar hududiy birlashmasi tomonidan nazoratga olinib, Sergeli tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida murojaatda keltirilgan holatlar yuzasidan iste’molchi hamda tadbirkorlik subyekti vakillari bilan uchrashuvlar va tushuntirish ishlari olib borildi, mavjud hujjatlar tahlil qilindi hamda masalani qonunchilik talablari asosida hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Olib borilgan muzokaralar va amaliy ishlar natijasida tomonlar o‘rtasida o‘zaro kelishuvga erishilib, iste’molchi foydasiga 2 000 000 so‘m pul mablag‘ining qaytarib berilishi ta’minlandi. Shu tariqa, ko‘rilgan tezkor choralar natijasida fuqaroning qonuniy manfaatlari himoya qilinib, murojaat ijobiy hal etildi.
Murojaat natijasida iste'molchining manfaatlari himoya qilindi
- Информация о материале
- Автор: Poytaxt matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 15
























