Выберите язык

Zamon har doim o‘z tarozisiga ishonchni qo‘yadi.

Davlat bilan xalq o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikning asosiy mezoni ham ana shu ishonchdir. Jamoat tashkilotlari vakillari faoliyat yuritish uchun joy topolmay, muhrini sumkasiga solgancha idorama-idoraga sarson yurgan kunlar hali yodimizdan chiqmagan. Bugun esa islohotlar samarasida o‘laroq, fuqarolik jamiyati institutlari zamonaviy binolarda, aniq vakolat va ishonch bilan xalq manfaati yo‘lida xizmat qilmoqda. Bu holat tasodifiy emas, balki izchil davlat siyosatining tabiiy va mantiqiy natijasidir.

Huquqiy demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish bir yo‘nalishli jarayon emas. Islohotlarning chuqurligi, avvalo, jamiyatdagi fuqarolar birlashmalari, nodavlat tashkilotlar va tashabbuskor fuqarolarning unga qay darajada daxldorligiga ham bog‘liq. Shu jihatdan jamoat tashkilotlari islohotlarga tomoshabin emas, balki aholi ehtiyojini aniqlaydigan, muammolarni tizimlashtiradigan va asosli takliflar ishlab chiqadigan faol ishtirokchidir. Ularning vazifasi davlat boshqaruvini takrorlash emas, balki davlat siyosatini insonga yanada yaqinlashtirishdan iboratdir.

Nodavlat tashkilotning ustunligi shundaki, u muammoni rasmiy hisobotdan oldin – aholi bilan bevosita muloqotda, murojaatlarni qabul qilish jarayonida va kundalik kuzatuvda his qiladi. Davlat idorasi muammoni statistik ko‘rsatkichlar orqali anglasa, jamoat tashkiloti uni inson taqdiri, oila byudjeti va buzilgan huquqlar prizmasidan ko‘radi. Ana shu ikki rakurs uyg‘unlashganda davlat siyosatining sifati va samaradorligi ortadi. Demak, jamoat tashkilotining qiymati tanqidda emas, balki muammoni dalillar asosida ko‘rsata olish va unga amaliy yechim taklif eta olish qobiliyatidadir.

Shu jihatdan nodavlat tashkilotlar davlat bilan raqobatlashmaydi. Davlat hokimiyati normativ qarorlar qabul qilish, majburiy ijroni ta’minlash, byudjet va ma’muriy resurslarni boshqarish vakolatiga ega. Jamoat tashkilotlari esa aholi manfaatlarini ifoda etish, jamoatchilik fikrini shakllantirish, mustaqil monitoring o‘tkazish, huquqiy yordam ko‘rsatish hamda jamiyat bilan davlat o‘rtasida ishonchli muloqotni yo‘lga qo‘yish salohiyatiga ega. Ularning vazifalari turlicha bo‘lsa-da, maqsadlari umumiy: inson huquqlari, qonun ustuvorligi, ijtimoiy adolat, barqaror taraqqiyot va aholi farovonligini ta’minlash. Shu bois munosabatlar “kim ustun?” degan raqobat mantig‘iga emas, balki “kim qaysi imkoniyat bilan umumiy muammoni samarali hal qiladi?” degan ijtimoiy sheriklik mantig‘iga qurilishi lozim.

Nodavlat tashkilotlarni davlat bilan xalq o‘rtasidagi ko‘prik deb atalishi bejiz emas. Ko‘prikning vazifasi ikki tomonni bir-biriga bog‘lashdan iborat bo‘lganidek, jamoat tashkiloti ham fuqaroning ovozini davlat idorasiga, davlat siyosatining mazmun-mohiyatini esa aholiga yetkazadi. U bir tomondan fuqarolarga huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, murojaatni to‘g‘ri rasmiylashtirishga ko‘maklashadi, qonuniy talabning chegarasini belgilab beradi. Ikkinchi tomondan esa davlat organlariga joylardagi haqiqiy vaziyat, xizmatlar sifati, qarorlarning amaliy ta’siri va aholi kutilmalari haqida ishonchli axborot taqdim etadi. Bunday vositachilik takroriy murojaatlar, asossiz keskinlik, byurokratik sarsongarchilik va davlatga nisbatan ishonchsizlikning oldini oladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosiy iroda va izchil tashabbuslar ana shu hamkorlik modelining huquqiy va institutsional asosini mustahkamladi. Davlatimiz rahbari o‘z chiqishlarida nodavlat notijorat tashkilotlarining inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi o‘rni beqiyos ekanini, ular aholini o‘ylantirayotgan muammolarga davlat idoralari e’tiborini qaratishi va asoslangan takliflar berib borishi zarurligini ta’kidladi. 2020-yilgi Oliy Majlisga Murojaatnomada mamlakat va hududlar darajasida nodavlat tashkilotlar bilan ijtimoiy sheriklikni kengaytirish, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Bu yondashuv davlat va jamoat tashkilotlari munosabatini tasodifiy hamkorlikdan tizimli sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qildi.

Prezidentning 2018-yil 4-maydagi PF-5430-son Farmoni mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy choralarni belgilab berdi. 2021-yil 4-martdagi PF-6181-son Farmon bilan tasdiqlangan 2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi esa sohadagi ishlarni uzoq muddatli maqsadlar, aniq yo‘nalishlar va natija ko‘rsatkichlari asosida tashkil etishga zamin yaratdi. 2024-yil 26-avgustdagi PF-124-son Farmon fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirib, yagona jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalarini tashkil etish, davlat grantlari hamda ijtimoiy buyurtmalar jarayonlarini raqamlashtirish, maslahat guruhlarini shakllantirish va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirish kabi amaliy choralarni belgiladi.

Ushbu hujjatlar mazmunan bir muhim tamoyilni ifoda etadi: davlat jamoatchilik tashkilotlarini faqat tadbir o‘tkazuvchi yoki hisobot beruvchi tuzilma sifatida emas, balki ijtimoiy muammolar yechimiga intellektual, tashkiliy va amaliy hissa qo‘shadigan hamkor sifatida ko‘rmoqda. Qo‘llab-quvvatlashning mazmuni ham faqat moliyaviy yordam bilan cheklanmaydi. U huquqiy kafolat, ochiq muloqot maydoni, davlat ijtimoiy buyurtmasi, grant, subsidiya, maslahat organlarida ishtirok, jamoatchilik eshituvlari, parlament va mahalliy kengashlar bilan hamkorlik kabi kompleks mexanizmlarni qamrab oladi. Bu imkoniyatlardan samarali foydalanish esa jamoat tashkilotlarining zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi: ular professional, xolis, dalilga asoslangan va natijaga yo‘naltirilgan bo‘lishi shart.

Jamoatchilik tashkilotlari islohotlar jarayonida tomoshabin bo‘lib qolmasligi haqidagi talabning mohiyatida, eng avvalo, tashabbuskorlik turadi. Islohot natijasini kutib o‘tirish emas, balki muammoni erta aniqlash, jamoatchilik fikrini o‘rganish, qonun loyihalari va davlat dasturlari muhokamasida ishtirok etish, ijro jarayonidagi bo‘shliqlarni ko‘rsatish va yechim taklif qilish — mana shular faol fuqarolik pozitsiyasining amaliy ko‘rinishlaridir.

Muhimi, bu faollik populizm yoki asossiz qarama-qarshilikka aylanmasligi shart. Jamoat tashkilotining nufuzi baland ovoz bilan emas, balki muammoni qanchalik to‘g‘ri o‘rgangani, dalillarni qanchalik puxta to‘plagani va taklifining qay darajada hayotiy ekani bilan belgilanadi.

Ijtimoiy sheriklikning mohiyati ham aynan shu yerda namoyon bo‘ladi. Davlat organi va jamoat tashkiloti bitta muammoga turli resurslar bilan yondashadi: davlatda vakolat, infratuzilma va ijro mexanizmi bo‘lsa, jamoat tashkilotida aholi bilan ishonchli aloqa, mustaqil kuzatuv va manfaatlarni ifoda etish imkoniyati mavjud. Ularning hamkorligi natijasida qarorlarning manzilliligi oshadi, ijtimoiy xarajatlar kamayadi, aholining huquqiy ongi yuksaladi va nizolar keskinlashmasdan hal etiladi. Shu sababli ijtimoiy sheriklikni bir martalik memorandum yoki tadbir bilan cheklab qo‘yish noto‘g‘ri. U muammoni aniqlashdan tortib, chora-tadbir rejasini ishlab chiqish, bajarish, monitoring va natijani baholashgacha bo‘lgan to‘liq siklni qamrab olishi lozim.

Jamoatchilik nazorati demokratik boshqaruvning yana bir muhim tayanchidir. Davlat nazorati qonun buzilishiga nisbatan ma’muriy yoki huquqiy chora ko‘rish vakolatiga ega bo‘lsa, jamoatchilik nazorati jamiyat manfaati nuqtai nazaridan xizmatlar sifati, ochiqlik, adolatlilik va qabul qilinayotgan qarorlarning ijtimoiy samaradorligini baholaydi.

Jamoatchilik nazoratining eng katta kuchi profilaktikada namoyon bo‘ladi: muammo chuqurlashib ketishidan oldin aniqlanadi, mas’ul tashkilotga taklif va tavsiya beriladi, jamoatchilik xabardor qilinadi va kamchilikni bartaraf etish uchun sharoit yaratiladi. Ta’sirchan jamoatchilik nazorati davlat idorasini zaiflashtirmaydi; aksincha, uni xatolardan ertaroq ogohlantiradi, hisobdorligini oshiradi va aholi ishonchini mustahkamlaydi.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ana shu tamoyillarni amaliy natijaga aylantirayotgan yirik institutdir. Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-noyabrdagi qarori asosida faoliyat yuritayotgan Federatsiyamiz bugungi kunda 14 ta hududiy birlashma, 208 ta tuman va shahar jamiyati, 1 216 nafar xodimni o‘z ichiga olgan keng tizimga aylandi. “1091” ishonch telefoni, virtual qabulxona va Telegram-bot kabi elektron kanallar aholi bilan uzluksiz muloqotni ta’minlaydi.

Federatsiya misolida nodavlat tashkilotning davlat va xalq o‘rtasidagi ko‘prik vazifasi aniq ko‘rinadi. Iste’molchi ko‘pincha huquqi buzilganda qaysi idoraga murojaat qilish, qanday hujjat to‘plash, talabini qaysi qonun normasi bilan asoslashni bilmaydi. Federatsiya mutaxassislari uning murojaatini huquqiy jihatdan tahlil qiladi, tegishli tashkilot bilan muzokara olib boradi, talabnoma kiritadi, qayta hisob-kitob yoki tovarni almashtirish masalasini ko‘taradi, zarur holda nazorat organi yoki sudga murojaat qiladi. Natijada fuqaro muammosi ma’muriy idoralar o‘rtasida sarson bo‘lmaydi, davlat organi esa huquqiy jihatdan tayyorlangan va aniq ifodalangan masalani ko‘rib chiqadi. Bu ham aholining, ham davlat boshqaruvi organlarining vaqt va resursini tejaydi.

Raqamlar buning dalilidir. 2021–2025-yillarda Federatsiya va uning hududiy tuzilmalariga jami 65 649 ta murojaat kelib tushdi. Ulardan 60 183 tasi, ya’ni 91,7 foizi ijobiy hal etildi. Yillar kesimida ko‘rsatkich izchil oshdi: 2021-yilda 11 363, 2022-yilda 13 522, 2023-yilda 13 731, 2024-yilda 12 199, 2025-yilda esa 14 834 ta murojaat ko‘rib chiqildi.

Besh yil ichida murojaatlar sonining 30 foizdan ziyod ortishi bir tomondan, iste’mol munosabatlarida muammolar hali yetarlicha ekanini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, aholining Federatsiyaga bo‘lgan ishonchi va o‘z huquqini himoya qilishga tayyorligi oshganini tasdiqlaydi.

Murojaatlar statistikasi oddiy raqam emas, jamiyatdagi og‘riq nuqtalarining xaritasidir. Savdo, kommunal xizmat, transport, tibbiyot, kredit va raqamli savdo sohalaridagi shikoyatlarni tizimli tahlil qilish davlat organlari uchun ham muhim boshqaruv axboroti bo‘la oladi. Shu bois Federatsiyamiz nizolarni hal etuvchi tuzilma bo‘lish bilan birga, iste’mol bozoridagi tendensiyalarni ko‘rsatuvchi jamoatchilik tahlil markaziga ham aylanmoqda.

2021–2025-yillarda muzokara, huquqiy tushuntirish va qayta hisob-kitob orqali iste’molchilar foydasiga jami 279,409 milliard so‘m mablag‘ tiklandi: 2021-yilda 20,394 milliard, 2022-yilda 43,587 milliard, 2023-yilda 55,442 milliard, 2024-yilda 74,787 milliard, 2025-yilda esa 85,2 milliard so‘m. Besh yilda bu ko‘rsatkichning to‘rt baravardan ziyod oshishi Federatsiyamiz faoliyati qamrovi kengayganini ko‘rsatadi. Ammo bu raqamlar ortida, eng avvalo, oila byudjetiga qaytarilgan mablag‘ va tiklangan ishonch turibdi.

Nizolarning katta qismi sudgacha hal etilishi davlat idoralari va sudlar zimmasidagi yuklamani sezilarli kamaytiradi. Nazorat organlari ishtirokida esa 2021–2025-yillarda 180 ta holat hal qilinib, 456,993 million so‘m iste’molchilar foydasiga undirildi. Ammo barcha nizoni sudgacha hal etib bo‘lmaydi. Tadbirkor qonuniy talabni ixtiyoriy bajarmagan hollarda sud himoyasi eng ta’sirchan vositaga aylanadi. Mana shunday vaziyatlarda Federatsiyamiz da’vo arizasini tayyorlash, dalil to‘plash va fuqaro manfaatini sudda ifoda etishda yordam beradi. Bu, ayniqsa, huquqiy va moliyaviy imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun muhim.

2021–2025-yillarda iste’molchilar manfaatida jami 691 ta sud ishi olib borildi, sud qarorlari asosida 66,554 milliard so‘mlik zarar qoplandi. So‘nggi uch yilda 454 ta ish bo‘yicha 62,748 milliard so‘m mablag‘ undirilgani da’vo materiallarini tayyorlash va yirik mulkiy manfaatlarni himoya qilish borasidagi salohiyatimiz sezilarli kuchayganidan dalolat beradi.

Federatsiyaning vazifasi faqat murojaatlarga javob berishdan iborat emas. Davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar institutsional salohiyatimizni ham oshirmoqda. 2024-yilda davlat subsidiyasi hisobidan Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda iste’molchilar huquqlariga oid 11 nomdagi amaliy qo‘llanma chop etildi. Bu tizim xodimlari va aholi uchun muhim huquqiy-uslubiy baza yaratdi.

“Davlat – fuqarolik jamiyati institutlari – tadbirkorlik sub’ektlari” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan “Iste’molchilar uyi” va “Iste’molchi kutubxonasi” loyihalari esa samarali hamkorlikning yana bir yorqin namunasidir. Oltiariq, Rishton, Farg‘ona, Qiziltepa, Navbahor, Koson, Angor, To‘raqo‘rg‘on va boshqa ko‘plab tumanlarda, shuningdek, Zarafshon, Marg‘ilon, Farg‘ona shaharlarida qurilgan ma’muriy binolar aholi murojaatlarini qabul qilish, huquqiy maslahat berish, nizolarni sudgacha hal etish va iste’mol madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan hududiy ijtimoiy-huquqiy markazlarga aylandi. Bu loyihalar ijtimoiy sheriklik faqat memorandum yoki uchrashuvlar bilan emas, aholi manfaatiga xizmat qiladigan aniq infratuzilmaviy natijalarda ham namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi.

Federatsiyamiz nufuzi faqat ichki natijalar bilan cheklanmaydi. 2018-yildan Consumers International xalqaro iste’molchilar tashkilotining to‘laqonli a’zosi bo‘lib, 100 dan ortiq mamlakatdagi 200 dan ziyod tashkilotni birlashtiruvchi global tarmoqqa qo‘shildik. Xitoy, Hindiston, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya va boshqa qator mamlakatlarning turdosh tashkilotlari bilan hamkorlik memorandumlari imzoladik, Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya kabi mamlakatlar bilan aloqalar o‘rnatildi.

2020-yilda Toshkent va Samarqandda o‘tkazilgan Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari iste’molchilari forumi yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi, 2021-yilda Xiva va Urganchda o‘tkazilgan “Sayyoh–2021” forumi va Xiva deklaratsiyasi, 2024-yilda Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti va Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar ishtirokida o‘tkazilgan, 43 nafardan ortiq xorijiy va 250 nafardan ziyod mahalliy ishtirokchini birlashtirgan Maslahat yig‘ilishi, shuningdek, 2025-yil iyulda Jenevada YUNKTADning to‘qqizinchi konferensiyasidagi ishtirokimiz milliy iste’molchilar harakatining global muloqotga chiqqanini ko‘rsatadi. Consumers International tomonidan 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Global Congress anjumanini O‘zbekistonda tashkil etish taklifining ilgari surilgani esa mamlakatimizga va Federatsiyamiz salohiyatiga bildirilgan katta ishonchdir.

Shuni alohida ta’kidlashni istardim: Federatsiyamiz nufuzi davlatga yaqin yoki uzoqligi bilan emas, mustaqil pozitsiyani konstruktiv hamkorlik bilan uyg‘unlashtira olishi bilan belgilanadi. Biz davlat organi bilan hamkorlik qilarkanmiz, muammoni yashirib qo‘ymaymiz, aholi manfaatini prinsipial himoya qilamiz, biroq har qanday kamchilikni qarama-qarshilikka emas, qonuniy va yechimga yo‘naltirilgan taklifga aylantiramiz. Mana shu muvozanat kuchli fuqarolik jamiyatining eng muhim belgisidir.

Shu bois Federatsiyamiz jamoatchilik nazoratini bir martalik tadbir emas, balki aniq mezon, dalil va tavsiyalar asosida qurilgan to‘liq sikl sifatida olib borishni ustuvor vazifa deb biladi. Kelgusida murojaatlarni yagona raqamli platformada boshqarish, sohalar kesimida muammolar xaritasini shakllantirish, mediatsiya ishlarini alohida hisobga olish, sud qarorlari ijrosini monitoring qilish hamda xalqaro memorandumlarning amaliy natijadorligini baholash ustida izchil ishlashni davom ettiramiz. Bunday yondashuv murojaatlarni faqat qabul qilish emas, ularning sababini bartaraf etishga xizmat qiladigan tizimli ishga aylanishi uchun zamin yaratadi.

65 649 ta murojaatning ko‘rib chiqilishi, 60 183 tasining ijobiy hal etilishi, 279,409 milliard so‘m mablag‘ning iste’molchilar foydasiga qaytarilishi, 691 ta sud ishi orqali 66,554 milliard so‘mning undirilishi quruq statistik raqamlar emas. Bular davlat va fuqarolik jamiyati hamkorligining jonli natijasidir. Har bir hal etilgan murojaat bir fuqaroning muammosi yechim topgani bilan cheklanmaydi, balki davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi ishonchning mustahkamlanganini anglatadi. Har bir sud qarori faqat muayyan summaning haqli egasiga qaytarilishigina emas, qonun ustuvorligining ta’minlanganidir. Har bir xalqaro forum esa O‘zbekiston iste’molchilar harakatining xalqaro nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Bu natijalarni davlat organlari bilan raqobat emas, vazifalar taqsimoti nuqtai nazaridan baholash to‘g‘ri bo‘ladi. Federatsiyamiz sud qarorini chiqarmaydi, ma’muriy sanksiya qo‘llamaydi va davlat nazorati vakolatini o‘zlashtirmaydi. U fuqaroning huquqiy imkoniyatini kuchaytiradi, masalani vakolatli organga puxta tayyorlangan holda olib chiqadi va qonunning amalda ishlashiga ko‘maklashadi. Shu tariqa jamoat tashkiloti davlat institutlarining o‘rnini bosmaydi, balki ularning inson manfaatiga xizmat qilish salohiyatini oshiradi. Vakolatlarni aralashtirmagan holda, har bir ishtirokchining o‘z vazifasini mas’uliyat bilan bajarishi tamoyili ijtimoiy sheriklikning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlaydigan asosiy omildir.

Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati ana shunday aniq natijalar orqali o‘z hayotiy samarasini namoyon etmoqda. Federatsiya jamoasi ushbu ishonchni oqlash, aholi manfaatini himoya qilishda davlatimizning faol va mas’ul hamkori bo‘lib qolishni o‘z burchi deb biladi.

Jahongir Sarimsoqov,

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening