Yozning jazirama kunlarida konditsioner har bir xonadon uchun zarur maishiy texnikalardan biridir. Shu bois xarid qilingan mahsulotning sifati, texnik tavsiflari va iste’molchiga taqdim etilgan ma’lumotlarga to‘liq mos bo‘lishi qonun bilan kafolatlangan huquq hisoblanadi.
Marhamat tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga “Yangi hayot” MFYda yashovchi fuqaro N.Toshmatov tomonidan muddatli to‘lov asosida xarid qilingan “Ziffler” rusumli 24 talik konditsioner yuzasidan yozma murojaat kelib tushdi.
Aniqlanishicha, fuqaro 2026-yil 12-yanvar kuni tumandagi “Ishonch” savdo do‘konidan qiymati 8 000 000 so‘m bo‘lgan mazkur konditsionerni xarid qilgan. Oradan olti oy o‘tib, undan foydalanish jarayonida qurilmaga o‘rnatilgan motor quvvati 24 talik emas, balki 18 talik ekani ma’lum bo‘lgan.
Fuqaro ushbu holat yuzasidan dastlab savdo do‘koni mas’ullariga murojaat qilgan bo‘lsa-da, masala ijobiy hal etilmagan. Shundan so‘ng u o‘zining qonuniy huquqlarini himoya qilish maqsadida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Murojaat belgilangan tartibda o‘rganilib, sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablari, iste’molchilar huquqlari hamda sotuvchining majburiyatlari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi. Olib borilgan amaliy ishlar natijasida iste’molchining qonuniy talabi to‘liq qanoatlantirildi.
Natijada nuqsonli konditsioner servis markaziga qaytarilib, tadbirkor tomonidan uning o‘rniga xuddi shu rusumdagi, motor quvvati 24 talik bo‘lgan yangi konditsioner iste’molchiga almashtirib berildi.
























