Oqqo‘rg‘on tumanida uy sharoitida ta’lim olayotgan 11-sinf o‘quvchisi M.M.ning holati monitoring jarayonida o‘rganildi. O‘rganish davomida o‘quvchining ota-onasi tomonidan farzandini uzoq vaqt davomida shifoxonaga joylashtirish masalasida muammoga duch kelayotganliklari ma’lum qilindi.
Aniqlanishicha, o‘quvchini davolanish uchun tibbiyot muassasasiga joylashtirish maqsadida Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Madaniyat” qishloq vrachlik punktiga murojaat qilingan. Biroq dastlabki tashxis noto‘g‘ri qo‘yilgani sababli markaziy shifoxona tomonidan bemorni qabul qilish rad etilgan.
Natijada 11-sinf o‘quvchisi bir necha kun davomida zarur davolanishsiz qolgan. Bu esa ota-onaning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi ijrochi direktori boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish davomida tibbiy hujjatlar va murojaatlar ko‘rib chiqildi hamda mutasaddilar bilan suhbat o‘tkazildi.
Suhbat jarayonida “Madaniyat” qishloq vrachlik punkti tomonidan qo‘yilgan tashxisda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, shu sababli shifoxonaga joylashtirish jarayoni cho‘zilib ketgani ma’lum bo‘ldi. Ishchi guruh tomonidan masalaga amaliy yordam ko‘rsatilib, o‘quvchining kasallik holati qayta ko‘rib chiqildi va tegishli yo‘llanmalar rasmiylashtirildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida 11-sinf o‘quvchisi M.M. shifoxonaga joylashtirildi hamda davolanish jarayonlari yo‘lga qo‘yildi.
Mutasaddilarga aholining murojaatlariga befarq bo‘lmaslik, ayniqsa voyaga yetmaganlar salomatligi bilan bog‘liq masalalarda mas’uliyatni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Noto‘g‘ri tashxis sabab 11-sinf o‘quvchisi shifoxonaga qabul qilinmagan
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 12
























