So‘nggi yillarda yurtimizda onlayn savdo hajmining keskin oshib borayotgani bilan bir qatorda, turli marketing usullari orqali iste'molchilarni jalb qilish holatlari ham kengaymoqda. Ayniqsa, ta'lim muassasalari xodimlarini nishonga olgan “aksiyalar”, “yutuqli o‘yinlar” va “chegirmali takliflar” ko‘rinishidagi tashabbuslar ko‘payib, ular orqali tezkor qaror qabul qilishga undash amaliyoti kuzatilmoqda. Bunday amaliyotda qo‘llaniladigan usullarda ko‘pincha lotoreya yoki o‘yin elementlaridan foydalanilib, iste'molchilarda ishonch uyg‘otish hamda ularni muddatli to‘lov asosida xaridga jalb etish maqsad qilinadi. Biroq bunday holatlar ayrim vaziyatlarda turli tushunmovchiliklar, moliyaviy majburiyatlar va hatto nizolarga sabab bo‘layotgani ham kuzatilmoqda.
Marg‘ilon shahridagi umumta'lim maktablaridan biriga o‘zlarini tadbirkor sifatida tanishtirgan shaxslar tashrif buyurib, o‘qituvchilarni onlayn savdo asosida tovarlar sotib olishga qiziqtirish maqsadida, ular tomonidan "stiker o‘chirish o‘yini" deb nomlangan, lotoreya shaklidagi o‘yin tashkillanadi. O‘yindagi yutuq esa shu maktabda ishlaydigan F.X. ga chiqadi.
Yutuq fondi bitta 43 dyum ekranli televizor ekanligi va sovg‘a tez muddatlarda keltirib berilishi aytilgach, onlayn platforma orqali F.X.ga muddatli to‘lov shartlaridagi, muayyan summadagi tovarlar rasmiylashtiriladi. "Temirni qizig‘ida bos" deganlaridek, maktabning yana besh nafar xodimlari tomonidan muddatli to‘lov shartlarida xarid qilingan tovarlar to‘lovi ham F.X.ning plastik kartasiga bog‘lab yuboriladi.
Garchi iste'molchida muddatli to‘lov asosida xarid qilingan tovarlar uchun to‘lovlarni hamkasblar bilan kelishgan holda to‘lab borishni uddasidan chiqishiga ishonch bo‘lsada, uni tovarlar sotib olishiga sabab bo‘lgan sovg‘ani keltirib berish ishlari paysalga solingach, iste'molchi Marg‘ilon shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, bu borada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.
Jamiyat mutaxassislari tomonidan murojaat o‘rganilishi jarayonida "stiker o‘chirish o‘yini" tashabbuskori, tadbirkorlik sub'ekti sifatida Andijon viloyati Asaka tumanidan davlat ro‘yxatidan o‘tgan F.A. bilan bog‘lanilib, unga amaldagi qonunchilik talablari va mazkur talablarga amal qilmaslik natijasida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar tushuntirilgach, iste'molchi F.X.ga va'da qilingan 43 dyum ekranli televizor keltirib berildi.
Mazkur holat shuni ko‘rsatadiki, iste'molchilar, xususan o‘qituvchilar turli aksiya va o‘yinlar orqali taklif etilayotgan xaridlar borasida yanada ehtiyotkor bo‘lishlari zarur. Har qanday “yutuq” yoki “sovg‘a” ortida muayyan shartlar yashiringan bo‘lishi mumkinligi inobatga olinishi lozim. Shu bilan birga, tadbirkorlik sub'ektlari ham amaldagi qonunchilik talablariga qat'iy rioya etishi, iste'molchini chalg‘ituvchi yoki majburiy xaridga undovchi usullardan voz kechishi kerak. Aks holda, bunday harakatlar nafaqat iste'molchilar ishonchiga putur yetkazadi, balki huquqiy javobgarlikka ham olib kelishi mumkin.
























