Suv ta’minoti hisob-kitobidagi xatolik iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati aralashuvi bilan bartaraf etildi.
Qumqo‘rg‘on tumanida fuqarolarning iste’molchilik huquqlarini himoya qilish, kommunal xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi muammolarni o‘rganish va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, Qumqo‘rg‘on tumani Jarqishloq mahallasi 3-ko‘cha, 42-uyda yashovchi fuqaro Nasiba Xasanova O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 ishonch telefoniga murojaat qilib, xonadonidagi suv hisoblagichi o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramasdan, «Surxondaryo suv ta’minoti» AJ xodimlari tomonidan hisoblagich noto‘g‘ri ishlatilgani vaj qilinib, 600 000 so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblanganidan noroziligini bildirgan.
Mazkur murojaat Qumqo‘rg‘on tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan nazoratga olinib, jamiyat xodimi B. Buriev tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida «Surxondaryo suv ta’minoti» AJ Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi mas’ul xodimlari bilan birgalikda fuqaroning xonadoni va tegishli hisob-kitob holatlari ko‘rib chiqildi.
Natijada iste’molchiga nisbatan noto‘g‘ri hisoblangan 600 000 so‘mlik noreal qarzdorlik jamiyat xodimlarining amaliy aralashuvi bilan to‘liq bartaraf etildi. Shuningdek, «Surxondaryo suv ta’minoti» AJ tuman bo‘limi tomonidan 2026-yil 29-oktabr holatiga fuqaroning qarzdorligi mavjud emasligi ma’lum qilindi.
Murojaatining ijobiy hal etilganidan mamnun bo‘lgan Nasiba Xasanova jamiyat nomiga minnatdorlik bildirib, ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun o‘z tashakkurini izhor etdi.
Ushbu holat kommunal xizmatlar sohasida hisob-kitoblarning to‘g‘ri yuritilishi, iste’molchilar manfaatlariga rioya etilishi va fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirilishi naqadar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Iste’molchi huquqlari — doimiy himoyada!
























