Qumqo‘rg‘on tumanida fuqaroning maishiy gaz baloni ta’minoti bilan bog‘liq murojaati o‘rganilib, iste’molchining qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Qumqo‘rg‘on tumani Xo‘jamulki mahallasida yashovchi fuqaro F.R. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qilib, xonadonida mavjud maishiy gaz balonlari bilan bog‘liq muammo yuzasidan amaliy yordam so‘ragan.
Murojaatda fuqaro xonadonida jami 2 ta gaz baloni mavjudligi, ulardan biri ayolining nomida, ikkinchisi esa o‘z nomida ekani, biroq iste’molchiga oid ma’lumotlar hudud gaz bazasidan chiqmayotgani sababli o‘z nomidagi gaz balonni topshirishda qiyinchilik yuzaga kelganligini bildirgan. Ushbu holat fuqaroning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Mazkur murojaat belgilangan tartibda Qumqo‘rg‘on tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yuborilib, tuman jamiyati tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish jarayonida murojaatda ko‘rsatilgan holatlar, xonadondagi gaz balonlari bilan bog‘liq ma’lumotlar hamda “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali Qumqo‘rg‘on tuman gaz ta’minoti bo‘limi bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Masalani ijobiy hal etish maqsadida Qumqo‘rg‘on tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mas’ullari tomonidan tuman gaz ta’minoti bo‘limi bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rildi. Murojaatchiga tegishli ma’lumotlar o‘rganilib, mavjud muammoni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirildi. Olib borilgan o‘rganish va amaliy choralar natijasida fuqaro F.R.ning xonadoniga tuman gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Shu tariqa iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, uning gaz ta’minotidan foydalanish imkoniyati ta’minlandi.
Mazkur holat maishiy gaz ta’minoti sohasida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini ta’minlash, iste’molchilar ma’lumotlarini to‘g‘ri yuritish va gaz balonlarini belgilangan tartibda yetkazib berish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligini yana bir bor namoyon etdi.
Agar fuqaro gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi, chiqindi, internet yoki boshqa xizmatlardan foydalanish jarayonida muammoga duch kelsa, u belgilangan tartibda tegishli tashkilotlarga yoki iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilish huquqiga ega.
Qumqo‘rg‘on tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning og‘zaki va yozma murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda xizmat ko‘rsatish sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni qonuniy tartibda hal etish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























