Выберите язык

Talabalar turar joyimi yoki Antisanitariya uyasimi? QDU yotoqxonasidagi mudhish holatlar fosh etildi

Bugungi kunning talabalari — ertangi kunimizning tayanchi. Biroq, ularning yashash sharoiti qanday darajada? Yaqinda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida Qoraqalpoq davlat universitetiga qarashli talabalar turar joyidagi ahvol achinarli darajada ekanligining guvohi boʻldik.

Eng avvalo, yotoqxona va talaba oʻrtasida tuziladigan ijara shartnomasi oʻrganilganda, unda talabalarning yotoqxona uchun oyiga toʻlanadigan 220 000 soʻm etib koʻrsatiladigan xizmat turlari shartnomada umuman koʻrsatilmagan.

Oshxona emas, pashsha-hashoratlar uya bosgan joy!
Oʻrganish vaqtida oshxonada bir necha kunlab qolib ketgan oziq-ovqat qoldiqlari aniqlangan. Ular aynib, atrofga yoqimsiz hid tarqatib, pashsha-hashoratlarning uya bosishiga sababchi boʻlgan. Bundan tashqari, chiqindi tashlaydigan joylar ham oʻz vaqtida tozalanmagan.

Hojatxonalar va yuvinish xonalari gigiyena normalariga umuman javob bermaydi va oʻz vaqtida tozalanmagan boshqa xonalarida ham ahvol bundan yaxshi emas: tozalik yoʻq, suv oqizadigan mikserlar (kranlar) singan holda tashlab qoʻyilgan.

Bundan tashqari, yotoqxonaning 2, 3 va 4-qavatlari boʻsh boʻlishiga qaramay, qizlar yashaydigan 1-qavatning yarmiga oʻgʻil bolalar joylashtirilgan. Bu esa talaba qizlar uchun ovqat pishirish va yuvinish xonalarida katta noqulayliklarni keltirib chiqargan. Eng achinarlisi, qandaydir sport musobaqalari vaqtida talabalarni oʻz xonalaridan majburiy chiqarib, boshqa xonalarga ortiqcha qilib koʻchirish va u yerga chetdan kelgan odamlarni joylashtirish holatlari odatga aylangan.

Tibbiyot xonasi umuman tashkil etilmagan
Talabalarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish qutichasi (aptechka) tekshirilganda, uning ichida ayrimlarining muddati oʻtib ketganligi maʼlum boʻldi.

Yongʻin xavfsizligini taʼminlash uchun hech qanday sharoit yoʻq, hatto yongʻin xavfsizligi qutichasining ogʻzi ochilgan holda, ichida hatto qum ham yoʻq. Baxtsiz hodisa yuz bersa, talabalarning hayoti uchun kim javob beradi?

Yotoqxonada tarbiyachi boʻlib ishlaydigan S.M ismli xodim bilan suhbatlashganda, u oʻzining nega ish qilishi kerakligini ham bilmasligini aytgan. Inspektor savollariga "javob bermaymiz" deb, oʻz vazifasiga nemisboplik (loqaydlik) bilan qaragan. Shuningdek, QDU tomonidan biriktirilgan navbatchi tyutor va professor-oʻqituvchilarning nazorat jurnali boʻlsa-da, ish juzida (amalda) hech qanday nazorat olib borilmaganligi maʼlum boʻldi.

Talabalardan yotoqxonada yotgani uchun 220 000 soʻm miqdorida pul olinadi. Biroq bu pulning ichiga nimalar kirishi (kalkulyatsiyasi) haqida xodimlar hech qanday javob bera olmagan.
Bundan ham yomoni, yotoqxonada ijara toʻlovini qabul qilish uchun kassa apparati, yo toʻlov terminali yoki bank hisob raqami koʻrsatilgan emas. Yotoqxona toʻlovini komendant B.B oʻzining shaxsiy plastik kartasiga Click orqali oʻtkaztirib kelgan. Oʻrganish yakunida yotoqxona komendanti B.B hujjatga qoʻl qoʻyishdan ham bosh tortgan.

Hujjatga koʻra, nogironlar uchun qulayliklar yoʻq, talabalar roʻyxati yozilgan jurnal kamchiliklarga toʻla, xullas — bosh-boshdoqlik. Bu holatni koʻra-bila turib, qanday tinch oʻtirish mumkin? QDU administratsiyasi oʻz talabalariga chin baho beryaptimi yoki ular faqat pul topish manbaimi? Bu savollar javobsiz qolmasligi kerak, tegishli tashkilotlar ushbu masala boʻyicha qatʼiy choralar koʻrishi shart!

Eslatmaning asosi: Maqola Qoraqalpogʻiston Respublikasi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasining 2026-yil 10-iyundagi rasmiy oʻrganish materiallari asosida tayyorlandi.
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening