Выберите язык

Uy-joy sotib olish, sotish, qurish yoki ta’mirlash jarayonida tomonlar o‘rtasida turli nizolar kelib chiqishi mumkin. Bunday vaziyatda “og‘zaki kelishgan edik” degan gapdan ko‘ra, uni tasdiqlaydigan hujjat va boshqa dalillar muhimroq bo‘ladi.

Shu sababli uy-joy bilan bog‘liq har qanday kelishuvda hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish va ularni saqlashga e’tibor qaratish kerak.

Eng muhim dalil — shartnoma

Uy-joy bilan bog‘liq munosabatlarda tuzilgan shartnoma nizoning mohiyatini aniqlashda asosiy hujjatlardan biri bo‘lishi mumkin.

Unda uy-joyning manzili, maydoni, narxi, to‘lov tartibi, topshirish muddati, tomonlarning majburiyatlari va boshqa shartlar aniq ko‘rsatilishi kerak.

Shartnomani imzolashdan oldin barcha bandlarni o‘qib chiqish, tushunarsiz yoki noaniq shartlarga aniqlik kiritish maqsadga muvofiq.

Pul berilganini qanday isbotlash mumkin?

Uy-joy bo‘yicha nizolarning katta qismi pul bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun har bir to‘lovni tasdiqlovchi hujjatni saqlash muhim.

Bular:

— bank orqali amalga oshirilgan to‘lov;
— kvitansiya yoki chek;
— pul o‘tkazmasi haqidagi ma’lumot;
— tilxat;
— hisob-kitob dalolatnomasi va boshqa hujjatlar.

Ayniqsa katta miqdordagi mablag‘ berilganda, pul topshirilganini tasdiqlovchi hujjatsiz qolib ketmaslik kerak.

Uy-joydagi nuqsonlarni suratga oling

Agar nizo xonadonning sifati yoki undagi kamchiliklar bilan bog‘liq bo‘lsa, muammoni foto va videoga olish mumkin.

Masalan, devorlardagi yoriqlar, namlik, sifatsiz ta’mir, pol yoki shiftning nuqsonlari, eshik va derazalarning nosozligi, kommunikatsiyalardagi muammolarni qayd etish keyinchalik dalil sifatida ahamiyat kasb etishi mumkin.

Foto va videolarni asl holida saqlab qo‘yish, zarur bo‘lsa, ularning qachon va qaysi sharoitda olinganini tasdiqlovchi ma’lumotlarni ham saqlash foydali.

Qabul qilish-topshirish dalolatnomasiga e’tibor bering

Yangi xonadonni qabul qilib olayotganda uni shoshilmasdan ko‘zdan kechirish kerak.

Aniqlangan kamchiliklar bo‘lsa, ularni tegishli hujjatda qayd etish maqsadga muvofiq. “Keyin tuzatib beramiz” degan og‘zaki va’daga tayanib, barcha hujjatlarni imzolab yuborish keyinchalik qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Telegramdagi yozishmalar ham saqlansin

Bugungi kunda ko‘plab kelishuvlar messenjerlar orqali amalga oshirilmoqda. Quruvchi, sotuvchi, ta’mirlovchi yoki boshqa xizmat ko‘rsatuvchi bilan yozishmalar ham muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi mumkin.

Shuning uchun:

— kelishuvlar;
— to‘lovlar haqidagi xabarlar;
— ishni bajarish muddatlari;
— aniqlangan kamchiliklar;
— ularni bartaraf etish bo‘yicha va’dalar

aks etgan yozishmalarni o‘chirib yubormaslik kerak.

Reklama ham dalil bo‘lishi mumkinmi?

Uy-joy xarid qilishdan oldin ko‘rilgan reklama, e’lon yoki tijoriy takliflarni ham saqlab qo‘yish foydali.

Masalan, sotuvchi yoki quruvchi uy-joyning maydoni, ta’mir holati, infratuzilmasi yoki boshqa xususiyatlarini ma’lum qilgan bo‘lsa, keyinchalik amaldagi holat bilan taqqoslash zarurati tug‘ilishi mumkin.

Mutaxassis xulosasi kerak bo‘lishi mumkin

Ba’zi nizolarda uy-joydagi nuqsonning sababi yoki yetkazilgan zarar miqdorini oddiy ko‘z bilan aniqlash qiyin.

Bunday holatlarda tegishli mutaxassis yoki ekspertning xulosasi zarur bo‘lishi mumkin. Masalan, qurilish sifati, yoriqlarning sababi yoki bajarilgan ishlarning texnik holati bo‘yicha mutaxassis fikri masalani aniqlashtirishga yordam beradi.

Nizo chiqsa, barcha dalillarni bir joyga jamlang

Uy-joy bo‘yicha muammo yuzaga kelganida avvalo mavjud hujjatlarni tartibga solish kerak.

Quyidagilarni saqlab qo‘ying:

— shartnoma va uning ilovalari;
— chek, kvitansiya va bank to‘lovlari;
— qabul qilish-topshirish dalolatnomasi;
— kafolat hujjatlari;
— foto va videolar;
— yozma murojaatlar va ularga berilgan javoblar;
— elektron yozishmalar;
— zarur bo‘lsa, mutaxassis yoki ekspert xulosalari.

Uy-joy bilan bog‘liq nizolarda dalilni muammo chiqqandan keyin emas, kelishuv boshlangan paytdan yig‘ish kerak. Shartnoma, to‘lov hujjati va boshqa tasdiqlovchi materiallarni saqlash iste’molchining o‘z manfaatlarini himoya qilishiga yordam beradi.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening