YAKKA TARTIBDA TA’LIM OLAYOTGAN O‘QUVCHILAR UCHUN YARATILGAN SHART-SHAROITLAR O‘RGANILMOQDA
Bugungi kunda ta’lim tizimida yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularning sifatli bilim olishini ta’minlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Namangan viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy birlashmasi hamda tuman va shahar jamiyatlari tomonidan jamoatchilik asosida monitoring o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur monitoring jarayonida yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, darslarning tashkil etilishi va sifati, o‘quv dasturlarining to‘liq bajarilishi kabi masalalar atroflicha o‘rganilmoqda. Shuningdek, o‘qituvchilarning malakasi, ularning o‘quvchilarga individual yondashuvi, ta’lim jarayonida zamonaviy metodlardan foydalanish darajasi ham tahlil qilinmoqda.
O‘rganishlar davomida o‘quvchilarning bilim darajasi va o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari bilan bir qatorda, ota-onalarning fikr-mulohazalari ham inobatga olinmoqda. Bu esa mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Monitoring natijalariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli tashkilotlarga amaliy taklif va tavsiyalar kiritilishi, ta’lim sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan choralar belgilanishi rejalashtirilgan.
Ushbu o‘rganishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning sifatli ta’lim olish huquqlarini ta’minlash, ularning bilim va salohiyatini oshirish, shuningdek, ta’lim tizimida uchrayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishdan iboratdir.
Namangan viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy birlashmasi tomonidan bu kabi jamoatchilik monitoringlari izchil davom ettirilib, ta’lim sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar yanada kuchaytiriladi.
























