Выберите язык

Farg‘ona shahrida ko‘p qavatli uy xarid qilgan fuqaroning murojaati O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tizimi tomonidan o‘rganilib, iste’molchi manfaatlarini himoya qilish borasida amaliy choralar ko‘rildi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro “Aziza CREDO MAX” MChJ bilan tuzilgan shartnoma asosida bir va ikki xonali ikkita xonadon xarid qilish uchun jami 172 132 422 so‘m to‘lovni amalga oshirgan. Biroq keyinchalik oilaviy sharoiti sababli shartnomani bekor qilish va to‘langan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha qurilish korxonasiga yozma murojaat qilgan. Arizada mablag‘larni belgilangan muddatda qaytarish so‘ralgan bo‘lsa-da, murojaat uzoq vaqt davomida hal etilmagan.

Shundan so‘ng fuqaro O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Farg‘ona shahar jamiyatiga murojaat qilgan. Mutaxassislar murojaatni o‘rganib, qurilish tashkilotiga rasmiy so‘rov yubordi hamda shartnoma shartlari bajarilishi yuzasidan izoh talab qildi. Korxonaga iste’molchi huquqlari buzilishi oqibatida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilinishi mumkinligi haqida ham ogohlantirish berildi.

O‘rganishlar davomida korxona nomi o‘zgartirilgani, biroq u avvalgi majburiyatlarni to‘liq bajarishi lozimligi ma’lum bo‘ldi. Korxona taqdim etgan javobga ko‘ra, shartnoma bekor qilingan, iste’molchiga to‘langan mablag‘larni qaytarish ishlari boshlangan va shu kungacha 98 million 800 ming so‘m qaytarilgan. Qolgan 73 million 332 ming 442 so‘m mablag‘ni belgilangan muddatda to‘liq qaytarish majburiyati olingan.

Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassislari mazkur masala yuzasidan iste’molchi va korxona o‘rtasida o‘zaro kelishuvga erishilganini qayd etib, murojaatchiga natijalar haqida yozma ravishda ma’lumot berdi. Shu bilan birga, agar belgilangan majburiyatlar bajarilmasa, iste’molchining yuqori turuvchi tashkilotlar hamda sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi ham tushuntirildi.

Uy-joy sotib olish bo‘yicha tuzilgan shartnoma bekor qilinganda yoki quruvchi o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmaganda iste’molchi yolg‘iz emas. Bunday vaziyatlarda hujjatlarni saqlab qolish, yozma murojaat qilish va zarur hollarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat etish muammoning qonuniy va samarali hal etilishiga xizmat qiladi.

Mazkur holat ham shuni ko‘rsatadiki, Federatsiya tizimi tomonidan olib borilgan huquqiy o‘rganishlar va rasmiy muloqot natijasida iste’molchining manfaatlari himoya qilinib, to‘langan mablag‘larni qaytarish jarayoni amaliy bosqichga olib chiqildi.

“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening
“Sunʼiy idrok davrida axborot xizmati trendlari va yangi ko‘nikmalar” mavzusida
ikki kunlik seminar-trening