Aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifati va uzluksizligi iste'molchilarni eng ko‘p o‘ylantiradigan masalalardan biridir. Ayniqsa, ichimlik suvi ta'minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda fuqarolar o‘z huquqlarini qaerda va qanday himoya qilishni bilmay qolishadi. Ana shunday holatlardan biri Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati misolida o‘rganildi.
Toshloq tumani Yuqoriqishloq MFYda yashovchi fuqaro Sh. S. O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qilib, ichimlik suvi hisoblagichi soz holatda bo‘lishiga qaramay, suv ta'minoti korxonasi xodimlari uni nosoz deb baholab, suv tarmog‘ini uzib qo‘yganidan norozi ekanini bildirgan. Mazkur murojaat belgilangan tartibda Toshloq tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.
Murojaat kelib tushgach, tuman jamiyati tomonidan fuqaroning vajlari o‘rganildi. Shuningdek, masalaga aniqlik kiritish maqsadida "Farg‘ona suv ta'minoti" AJ Toshloq tuman filiali rahbariyatiga rasmiy so‘rov yuborildi. Korxona mutaxassislari ishtirokida fuqaroning holati qayta ko‘rib chiqildi.
O‘rganish jarayonida iste'molchining ichimlik suvi tarmog‘iga ulanish uchun zarur hujjatlari mavjudligi, suv ta'minoti korxonasi bilan tegishli shartnoma tuzilgani hamda hisoblagich ma'lumotlari korxona bazasiga kiritilgani aniqlandi. Korxona tomonidan murojaatda ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazilib, tushunmovchilik holati bartaraf qilingani hamda iste'molchiga vaziyat bo‘yicha tushuntirish berilgani ma'lum qilindi.
Mazkur holat yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, kommunal xizmatlar bilan bog‘liq har qanday kelishmovchilikni hissiyot bilan emas, balki huquqiy asosda hal qilish muhimdir. Fuqaro murojaati qabul qilinishi, vakolatli tashkilotga rasmiy so‘rov yuborilishi, javob xati olinishi va natija yuzasidan iste'molchiga yozma javob berilishi murojaatlarni ko‘rib chiqishning qonuniy mexanizmi samarali ishlayotganini ko‘rsatadi.
Agar siz ham ichimlik suvi, elektr energiyasi, tabiiy gaz, chiqindi xizmatlari yoki boshqa kommunal xizmatlar bo‘yicha asossiz hisob-kitob, xizmatning uzilishi yoki sifatsiz xizmat ko‘rsatilishiga duch kelsangiz:
- barcha to‘lov hujjatlari va shartnomalarni saqlang;
- murojaatingizni yozma yoki elektron shaklda rasmiylashtiring;
- zarurat tug‘ilganda O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tashkilotlariga murojaat qiling.
Qonuniy murojaat va hujjatlar asosida olib borilgan o‘rganish ko‘plab nizolarni sudgacha hal etish imkonini beradi. Fuqarolarning huquqiy faolligi esa xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatida ochiqlik va mas'uliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi.
























