Oʻzbekiston Respublikasida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yoʻlida qabul qilingan muhim hujjatlardan biri – Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-noyabrdagi 414-son “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hisoblanadi. Mazkur qaror mamlakatimizda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yangi bosqichga olib chiqqan, sohada jamoatchilik ishtirokini mustahkamlagan tarixiy hujjatdir.
Qaror “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun ijrosini taʼminlash, ichki isteʼmol bozorida sifatsiz va inson salomatligi uchun xavf tugʻdiruvchi mahsulotlar realizatsiyasining oldini olish, isteʼmolchilar manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda aholining huquqiy va isteʼmol madaniyatini oshirish maqsadida qabul qilingan.
Mazkur qaror bilan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlarining faoliyati davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlandi hamda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi faoliyati eʼtirof etildi. Federatsiya zimmasiga isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilish, amaldagi qonunchilikni keng targʻib etish, ichki bozorda jamoatchilik monitoringlarini oʻtkazish, fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish kabi muhim vazifalar yuklatildi.
414-son qarorning eng muhim jihatlaridan biri – jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyishdir. Qarorga muvofiq, isteʼmol bozori holatini oʻrganish, mahsulot va xizmatlar sifati hamda xavfsizligi ustidan monitoringlar tegishli vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Bu esa isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilishda davlat va jamoatchilikning oʻzaro hamkorligini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, qaror asosida isteʼmolchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, ommaviy axborot vositalari orqali targʻibot ishlarini kengaytirish, televideniye, radio va matbuotda isteʼmolchilar huquqlariga oid materiallarni muntazam yoritish vazifalari ham belgilangan. Bu esa fuqarolarning oʻz huquqlarini bilishi va ularni himoya qilish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirgan.
Bugungi kunda ham mazkur qaror oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Respublikamizning barcha hududlarida, jumladan, Toshkent viloyatida ham isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari ushbu huquqiy asosga tayangan holda faoliyat yuritmoqda. Hududiy birlashma tomonidan savdo, umumiy ovqatlanish, kommunal xizmatlar, sogʻliqni saqlash, taʼlim, transport va boshqa sohalarda muntazam jamoatchilik monitoringlari oʻtkazilib, fuqarolarning murojaatlari oʻrganilmoqda, buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan amaliy yordam koʻrsatilmoqda.
Ayniqsa, isteʼmolchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish, ularning manfaatlarini sudlarda himoya qilish, tadbirkorlik subyektlari bilan nizolarni qonuniy hal etish, aholiga huquqiy maslahatlar berish hamda isteʼmol madaniyatini oshirishga qaratilgan targʻibot ishlari 414-son qaror maqsad va vazifalarining amaliy ifodasidir.
Bugungi kunda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish faqat davlat organlarining emas, balki keng jamoatchilikning ham muhim vazifasiga aylangan. Har bir fuqaro oʻz huquqlarini bilishi, qonuniy manfaatlarini himoya qila olishi va zarur hollarda isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga murojaat qilishi muhimdir.
Toshkent viloyati isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hududiy birlashmasi ham 414-son qaror talablaridan kelib chiqib, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, isteʼmol bozorida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda isteʼmol madaniyatini yuksaltirish yoʻlida tizimli ishlarni davom ettirmoqda. Zero, isteʼmolchi huquqlarining ishonchli himoyasi – adolatli bozor, sifatli xizmat va xavfsiz mahsulotlar kafolatidir.
























