Kegeyli tumani "Yalpaq jap" QFY aholisining tashabbusi va fuqarolik pozitsiyasi tufayli hududdagi muhim ijtimoiy masalalardan biri o‘z yechimini topdi. Bu - aholining haqli murojaati va tegishli tashkilotlarning amaliy ahamiyatga ega javobi tufayli yuzaga kelgan ijobiy holat.
Masala nima edi?
Kegeyli tumani "Yalpaq jap" QFY aholisi - B.Qayipov va F.Embergenovlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga yordam so‘rab murojaat yo‘lladi. Murojaatda "Ayteke yangi talab" aholi punktidan Xalqobod posyolkasiga qatnaydigan yengil taksilarning yo‘l haqi bo‘yicha yuzaga kelgan tushunmovchiliklar qayd etildi.
O‘rtacha 12 kilometrlik masofaga qatnaydigan taksi xizmati ilgari har bir kishidan 5 ming so‘m olib kelingan bo‘lsa, keyinchalik "gaz yo‘q" degan bahona bilan yo‘l haqi 10 ming so‘mga ko‘tarilib ketgan. Va keyinroq gaz bilan bog‘liq holatlar barqarorlashganiga qaramay, taksi haydovchilari 7 ming so‘mdan qatnovni davom ettirgan. Bu holat hudud aholisining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan edi.
Bu masala bo‘yicha Kegeyli tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi vazifani zudlik bilan nazoratga oldi. O‘tkazilgan o‘rganish ishlari va hududdagi taksi haydovchisi xizmatini ko‘rsatuvchilar bilan olib borilgan suhbatlar o‘z samarasini berdi.
Natijada, hudud aholisi bilan taksi haydovchisi xizmatini ko‘rsatuvchilar o‘rtasida o‘zaro kelishuvga erishildi va yo‘l haqi har bir yo‘lovchi uchun 5000 (besh ming) so‘m etib belgilandi.
























