Denov tumanida iste’molchi tomonidan muddatli to‘lov asosida xarid qilingan skuter bilan bog‘liq murojaat o‘rganilib, fuqaroning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Denov tumani Zarafshon mahallasida yashovchi fuqaro Sh.T. Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, xarid qilingan skuterda nuqson aniqlangani yuzasidan amaliy yordam so‘ragan.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro Denov tumani markazida joylashgan savdo do'konidan skuter xarid qilgan. Mazkur mahsulot muddatli to‘lov asosida rasmiylashtirilgan bo‘lib, uning umumiy qiymati 8 800 000 so‘mni tashkil etgan.
Biroq skuter xarid qilingandan so‘ng undan foydalanish jarayonida mahsulotda nuqson borligi aniqlangan. Bu holat iste’molchining haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan. Fuqaro o‘zining iste’molchi sifatidagi huquqlarini himoya qilish hamda masalani qonuniy tartibda hal etish maqsadida tuman jamiyatiga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat belgilangan tartibda qabul qilinib, Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish davomida iste’molchining vajlari, skuterning texnik holati, savdo munosabatlari hamda mahsulot bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jamiyat mutaxassislari tomonidan holat yuzasidan tegishli tomonlar bilan muloqot o‘tkazilib, amaldagi qonunchilik talablari, iste’molchining sifatli mahsulot xarid qilish huquqi hamda sotuvchining iste’molchi oldidagi majburiyatlari tushuntirildi.
Olib borilgan o‘rganish va amaliy choralar natijasida fuqaro Sh.T.ning murojaati ijobiy hal etildi. Xarid qilingan skuterda aniqlangan nuqson yuzasidan iste’molchining qonuniy talabi inobatga olinib, uning manfaatlari himoya qilindi.
Mazkur holat muddatli to‘lov asosida transport vositalari, maishiy texnika yoki boshqa mahsulotlarni xarid qilishda iste’molchilar shartnoma shartlari, mahsulot sifati, kafolat muddati, to‘lov tartibi hamda xarid hujjatlariga alohida e’tibor qaratishi zarurligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Agar xarid qilingan mahsulotda nuqson aniqlansa, iste’molchi belgilangan tartibda mahsulotni almashtirish, ta’mirlash, narxini kamaytirish yoki to‘langan mablag‘ni qaytarish kabi qonuniy talablar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Denov tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning og‘zaki va yozma murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yuzaga kelayotgan nizoli holatlarga qonuniy yechim topish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Sizning ham iste’molchi sifatidagi huquqlaringiz buzildimi?
1091 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling!
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
Surxondaryo viloyati hududiy birlashmasi Axborot xizmati
























