Mobil telefon xarid qilayotganda iste’molchi uchun qurilmaning texnik holati, kafolati va narxi bilan bir qatorda, uning IMEI kodi belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilganiga ishonch hosil qilish ham muhim. Chunki mobil qurilmaning IMEI kodi bo‘yicha hisobga olinishi qonunchilikda belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi va bu borada sotuvchi hamda xaridorning majburiyatlari bir-biridan farq qiladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston hududida sotilayotgan mobil qurilmalarni IMEI kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq majburiyat, tegishli hollarda, ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi yoki sotuvchi zimmasiga yuklatiladi. Shu bois savdo nuqtasidan mobil telefon xarid qilayotgan iste’molchiga IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tkazilgan qurilma taqdim etilishi lozim. Chet eldan mobil qurilmani shaxsiy ehtiyoj uchun olib kirish kabi alohida holatlarda esa IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish iste’molchining o‘z zimmasida bo‘lishi mumkin.
Bunday holatlardan biri Andijon viloyatining Baliqchi tumanida ham kuzatildi. Fuqaro Q.I. joriy yil avgust oyining boshida tumandagi “Anova savdo majmuasi”dan mobil telefon xarid qilgan. Keyinchalik qurilmaning IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tkazilmagani aniqlangan. Iste’molchi ushbu masala yuzasidan sotuvchiga murojaat qilganida, do‘kon xodimi tomonidan IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilgan.
Shundan so‘ng fuqaro o‘zining iste’molchi sifatidagi huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Andijon viloyati Baliqchi tuman jamiyatiga yozma murojaat qildi. Murojaat belgilangan tartibda o‘rganilib, iste’molchining buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi.
























