Farg‘ona shahridagi «Beruniy» mahalla fuqarolar yig‘inida aholining iste'molchilar huquqlariga oid bilimlarini oshirish va huquqiy xabardorligini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan, O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda mahalla faollari va aholi vakillari ishtirok etdilar.
Suhbat davomida iste'molchilarning kundalik hayotida uchraydigan muammoli holatlar misolida tovar va xizmat tanlashda nimalarga e'tibor berish, shartnoma shartlarini o‘rganish, to‘lov hujjatlarini saqlash va huquq buzilgan taqdirda qay tartibda murojaat qilish kerakligi haqida tushuntirishlar berildi.
Shu bilan birga, ishtirokchilarning moliyaviy savodxonligini oshirish, turli xarid va xizmatlardan foydalanishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslik, o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshi bilishning ahamiyati ta'kidlandi. Aholiga iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud huquqiy himoya mexanizmlari haqida ham ma'lumotlar taqdim etildi.
Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qildilar va tegishli javob hamda tavsiyalar oldilar.
Bunday targ‘ibot tadbirlarining mahallalarda muntazam tashkil etilishi aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, iste'molchilik munosabatlarida mas'uliyatni oshirish va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
























