Ishga borish, vazifani bajarish, oy oxirida esa halol mehnat evaziga topilgan ish haqini kutish — har bir xodim uchun oddiy hayotiy jarayon. Ammo ish haqi o‘z vaqtida berilmasa, bu oddiy kutish emas, balki oila byudjeti, kundalik ehtiyojlar va insonning mehnatiga bo‘lgan munosabatiga bevosita ta'sir qiladigan muammoga aylanadi.
Yaqinda Toshloq tumani Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga bir emas, besh nafar fuqaro murojaat qildi. Ularning murojaatlarida bir-biriga o‘xshash holat — “Abbosxon servis plyus” MChJga qarashli “Yengil” kredit savdo do‘konida mehnat qilgan, ammo ish haqini to‘liq ololmaganlik masalasi ko‘tarilgan.
Jamiyat tomonidan murojaatlar qonun doirasida o‘rganilib, korxonaga rasmiy so‘rovlar yuborildi. O‘rganishlar davomida fuqarolarning talablari asosli ekani hujjatlar bilan tasdiqlandi.
Xususan, Toshloq tumani Sadda MFY hududida yashovchi fuqaro T. H. murojaati yuzasidan savdo do‘konida ishlaganligi va unga 2 312 792 so‘m ish haqi to‘lanmagani aniqlandi. Korxona o‘rganish ishlari davomida taqdim etgan to‘lov hujjatida ushbu mablag‘ fuqaroning hisob raqamiga o‘tkazilgani ko‘rsatilgan. Shuningdek, M. A. murojaati bo‘yicha unga 446 769 so‘m, O.A. bo‘yicha 552 792 so‘m, Z. J. bo‘yicha 171 262 so‘m, M. A. bo‘yicha esa 1 684 028 so‘m ish haqi to‘langani hujjatlar bilan tasdiqlangan. Shu tariqa beshta murojaat doirasida fuqarolarga jami 5 167 643 so‘m ish haqi to‘lab berilishi ta'minlandi.
Bu holatlar bir muhim haqiqatni yana bir bor ko‘rsatadi: xodim o‘z mehnati uchun haq olish huquqiga ega va bu huquq buzilganda muammoni hal etishning qonuniy yo‘llari mavjud.
Ayniqsa, ish haqi to‘lanmagan yoki kechiktirilgan holatlarda xodim qo‘lida mehnat munosabatlarini tasdiqlovchi hujjatlar — mehnat shartnomasi, ishga qabul qilinganlik haqidagi ma'lumotlar, hisob-kitoblar va boshqa dalillarni saqlab qo‘yishi muhim.
Toshloq tumanidagi ushbu beshta murojaat taqdiri ham shuni ko‘rsatdiki, muammoni jim kuzatib turish emas, o‘z huquqini qonuniy tartibda talab qilish natija beradi.
Eng muhimi, har bir ish haqi — bu oddiy raqam emas. Uning ortida insonning mehnati, vaqti, oilasi va kundalik ehtiyojlari bor.
Iste'molchi yoki fuqaroning qonuniy huquqi buzilsa, murojaat qilish — huquqni talab qilishning eng muhim qadamlaridan biridir.
























