Chiroqchi tumanida yangi elektr hisoblagichi o‘rnatish masalasi ijobiy hal etildi
Elektr energiyasi zamonaviy uy-joy hayotining asosiy ehtiyojlaridan biri hisoblanadi. Yangi zamonaviy elektr hisoblagichini o‘rnatish va uyni tarmoqqa ulash jarayoni o‘z vaqtida va shaffof amalga oshirilishi har bir iste’molchining qonuniy huquqidir. Ba’zida bu jarayon turli sabablarga ko‘ra kechikishi mumkin. Bunday holatlarda iste’molchi huquqlarini himoya qilish tizimi yordam beradi.
Murojaatda qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro S.I. yangi zamonaviy elektr hisoblagichi o‘rnatish uchun davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilgan.
Biroq tuman elektr tarmoqlari xodimlari turli bahonalar bilan uyni tarmoqqa ulashni kechiktirayotganidan norozi bo‘lib, 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qilgan.
Chiroqchi tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari fuqaro ishtirokida joyiga chiqib, masalani atroflicha o‘rganib chiqishdi.
Natijada, hozirgi kunda Chiroqchi tumaniga yangi partiya hisoblagichlar kelgani, eski zaxira tugagani va yaqin kunlarda fuqaroning xonadoniga yangi elektr hisoblagichi o‘rnatib berilishi ma’lum qilindi va murojaat ijobiy yo‘nalishda hal etildi.
Elektr ta’minoti va hisoblagich o‘rnatish xizmatlari o‘z vaqtida va sifatli bo‘lishi shart. Agar jarayon asossiz ravishda kechiktirilsa, o‘z huquqlaringizni himoya qilishdan tortinmang. Qonun siz tomonda — adolatli yechim uchun faol bo‘ling!
























