O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga uy-joy qurilishi, ulush kiritish, ta'mirlash va katta miqdorda oldindan to‘lov talab qilinadigan shartnomalar yuzasidan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Ayrim holatlarda fuqaroga ob'ekt tez orada topshirilishi, gaz, suv va elektr tayyor bo‘lishi, hujjatlar rasmiylashtirilishi yoki qo‘shimcha to‘lov bo‘lmasligi haqida ishonchli va'dalar beriladi. Keyin esa og‘zaki aytilgan shartlar yozma shartnomada boshqacha ifodalangani yoki umuman aks etmagani ma'lum bo‘ladi. Shu sabab Federatsiya har qanday katta moliyaviy majburiyatni olishdan oldin shartnomani to‘liq o‘qish, tushunmagan joylariga izoh talab qilish va shoshilmasdan qaror qabul qilishga chaqiradi.
Eng muhimi: O‘zingizni «investor» sifatida rasmiylashtirib qo‘yishdan ehtiyot bo‘ling
Agar siz kvartira yoki uy-joyni qayta sotish, foyda olish yoki tadbirkorlik maqsadida emas, balki o‘zingiz va oilangiz yashashi uchun olayotgan bo‘lsangiz, shartnomadagi huquqiy maqomingizga alohida e'tibor bering. “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 1-moddasiga ko‘ra, foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste'mol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish yoki xizmatga buyurtma beruvchi jismoniy shaxs iste'molchi hisoblanadi.
Shuning uchun shartnomada “investor”, “investisiya kirituvchi”, “sarmoyador”, “investisiya faoliyati”, “foyda olish”, “daromad”, “investisiya tavakkali” kabi iboralar bor bo‘lsa, ularning mazmunini tushunmasdan imzo qo‘ymang. Shartnomaning faqat nomi shaxsni avtomatik ravishda iste'molchi huquqlaridan mahrum qilmaydi, biroq bunday iboralar keyinchalik nizo kelib chiqqanda munosabatni iste'molchilik emas, investisiya munosabati sifatida talqin qilishga urinish uchun asos qilib ko‘rsatilishi mumkin. Agar haqiqiy maqsadingiz shaxsiy uy-joy sotib olish bo‘lsa, shartnomada shu maqsad, sotib olinayotgan aniq xonadon, uning narxi, topshirish muddati, holati va ijrochining majburiyatlari ravshan yozilganiga ishonch hosil qiling.
Va'daga emas, shartnomada yozilgan shartga ishoning
Qonunning 4-moddasi iste'molchiga tovar, ish yoki xizmat hamda sotuvchi yoki ijrochi haqida to‘g‘ri va to‘liq ma'lumot olish huquqini beradi. 6-modda esa ijrochidan zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma'lumotni o‘z vaqtida berishni talab qiladi. Shuning uchun “kalitni falon kunda beramiz”, “kommunikasiyalar tayyor”, “kadastrni o‘zimiz qilib beramiz”, “boshqa to‘lov yo‘q” kabi muhim va'dalar shartnomada aniq aks etishi kerak. Og‘zaki gapni keyin isbotlash ancha qiyin.
Noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma'lumot bilan chalg‘itishga yo‘l qo‘ymang
Qonunning 7-moddasiga ko‘ra, tovar, ish yoki xizmat haqida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma'lumot berilgani iste'molchining zarur xususiyatlarga ega bo‘lmagan natijani olishiga yoki undan ko‘zlangan maqsadda foydalana olmasligiga sabab bo‘lsa, iste'molchi shartnomani bekor qilish va zararni qoplash kabi qonuniy talablarni qo‘yish huquqiga ega. Qonun bunday nizoda iste'molchi tovar yoki xizmat xususiyatlari bo‘yicha maxsus bilimga ega emas, degan yondashuvdan kelib chiqadi. Demak, professional sotuvchi yoki quruvchi fuqaroning ishonchidan foydalanib, muhim ma'lumotni yashirmasligi yoki uni boshqacha ko‘rsatmasligi shart.
Shartnomani boshidan oxirigacha o‘qing
Qonunning 8-moddasiga muvofiq, shartnoma narsasi, miqdor, narx va boshqa muhim shartlar bo‘yicha kelishuv mavjud bo‘lishi kerak. Uy-joy shartnomasida ob'ektning aniq manzili va raqami, umumiy narx, to‘lov grafigi, topshirish sanasi, ta'mir darajasi, gaz, suv, elektr va boshqa kommunikasiyalar, kadastr va hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi, kechikish uchun javobgarlik hamda pulni qaytarish shartlarini alohida tekshiring. “Hozir imzo qo‘yavering, keyin to‘g‘rilaymiz” degan gapga ishonmang.
Muddat va javobgarlik aniq bo‘lsin
Qonunning 19-moddasi ijrochi ishni shartnomada belgilangan muddat, hajm va sifatda bajarishi shartligini belgilaydi. Shu sabab “taxminan”, “reja bo‘yicha”, “imkon qadar” kabi noaniq ifodalar o‘rniga aniq sana yoki hisoblanadigan aniq muddat yozilishi maqsadga muvofiq. Qonunning 21-moddasi esa iste'molchi huquqlarini cheklaydigan va qonunchilikka zid shartlar haqiqiy emasligini belgilaydi. Shartnomada “ijrochi hech qanday javobgar emas” yoki iste'molchining qonuniy talablarini asossiz cheklaydigan bandlar bo‘lsa, ularga alohida e'tibor bering.
Barcha dalillarni saqlang
Shartnoma, to‘lov cheki, bank o‘tkazmasi, reklama, buklet, messenjer yozishmalari, audio yoki boshqa qonuniy olingan dalillarni saqlab qo‘ying. Muammo kelib chiqsa, talabingizni yozma ravishda yuboring. Qonunning 4 va 29-moddalari iste'molchiga buzilgan huquqlarini himoya qilish uchun vakolatli organlar va sudga murojaat qilish huquqini kafolatlaydi.
Federatsiya eslatadi: ishonch muhim, ammo katta miqdordagi mablag‘ bilan bog‘liq munosabatda ishonch hujjat bilan mustahkamlanishi shart. Ayniqsa shaxsiy uy-joy olayotgan bo‘lsangiz, shartnomada o‘zingizning maqsadingizga zid ravishda “investor” yoki foyda oluvchi sarmoyador sifatida ifodalanib qolmaganini tekshiring. Avval o‘qing, tushuning, tekshiring — shundan keyingina imzo qo‘ying va to‘lov qiling.
Huquqingiz buzilgan yoki shartnoma shartlari bo‘yicha shubhangiz bo‘lsa, O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 - IShONCh TELEFONIGA MUROJAAT QILING!
❗ Videoni bu yerga bosib 👉 Youtube kanalimizda ko‘rishingiz mumkin
























