O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Toshkent viloyati hududiy birlashmasi biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) reklamalarining keng tarqatilishi yuzasidan iste’molchilarni ogohlantiradi.
So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda biologik faol qo‘shimchalar, turli malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar va mineral suvlarning turli kasalliklarni davolashi haqidagi reklama va targ‘ibot materiallari ko‘payib bormoqda.
Ayrim reklamalarda mazkur mahsulotlar diabet, insult, gastrit, yurak-qon tomir, jigar, buyrak, artrit, gipertoniya va boshqa kasalliklarni davolashda samarali vosita sifatida taqdim etilmoqda. Bunday reklama mazmuni esa iste’molchilarda biologik faol qo‘shimchalar go‘yoki dori vositasi yoki kasalliklarni davolovchi vosita ekanligi haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Biologik faol qo‘shimcha — dori vositasi emas.
Biologik faol qo‘shimchalarning asosiy vazifasi inson organizmining ayrim foydali moddalar va biologik faol komponentlarga bo‘lgan ehtiyojini to‘ldirishdan iborat. Ularni turli kasalliklarni davolovchi dori vositasi sifatida reklama qilish yoki mahsulotning xususiyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatish iste’molchini chalg‘itishi mumkin.
Shu sababli bunday mahsulotlarni xarid qilayotgan fuqarolar reklamadagi va’dalarga ko‘r-ko‘rona ishonmasligi, mahsulot haqidagi ma’lumotlarni diqqat bilan o‘rganishi hamda uni dori vositasi bilan adashtirmasligi lozim.
REKLAMADA NIMALARGA YO‘L QO‘YILMAYDI?
“Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasida biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasiga nisbatan muayyan talablar belgilangan.
Jumladan, bunday mahsulotlar reklamasi:
➖ mahsulot dori vositasi yoki davolash xususiyatiga ega degan taassurot uyg‘otmasligi;
➖ odamlarning ushbu mahsulotdan foydalangani natijasida davolangani yoki sog‘lig‘i yaxshilangani haqidagi holatlarga havola qilmasligi;
➖ fuqarolarning minnatdorlik bildirishlari, shaxsiy tavsiyalari yoki mahsulotni davolash vositasi sifatida ko‘rsatuvchi fikrlarini o‘z ichiga olmasligi;
➖ sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishni rad etishga yoki undan voz kechishga undamasligi;
➖ turli tadqiqotlar, sertifikatlar yoki davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi ma’lumotlardan foydalanib, mahsulotning dori vositalaridan ustunligi haqida tasavvur uyg‘otmasligi;
➖ majburiy tartibda “Ushbu mahsulot dori vositasi emas” mazmunidagi ogohlantirish bilan berilishi kerak.
ISTE’MOLCHI REKLAMADAGI VA’DALARGA EHTIYOTKOR BO‘LSIN
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda mahsulotni mashhur shaxslar, turli “mutaxassislar” yoki go‘yoki undan foydalanib sog‘lig‘i yaxshilangan fuqarolar tavsiyasi orqali targ‘ib qilish holatlariga ham duch kelish mumkin.
Iste’molchi shuni unutmasligi kerakki, reklamadagi “barcha kasalliklarga davo”, “qisqa muddatda butunlay tuzalish”, “dorisiz davolanish” kabi va’dalar mahsulotning haqiqiy xususiyatlarini anglatmasligi mumkin. Ayniqsa, jiddiy kasalliklarga chalingan fuqarolarning o‘zbilarmonlik bilan turli qo‘shimchalarni dori vositasi o‘rnida qabul qilishi salbiy oqibatlarga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
Shuning uchun har qanday biologik faol qo‘shimchani xarid qilishdan oldin uning nomi, tarkibi, ishlab chiqaruvchisi, qo‘llash bo‘yicha ma’lumotlari va boshqa zarur ma’lumotlarni diqqat bilan o‘rganish tavsiya etiladi.
QONUN TALABLARIGA RIOYA QILISH — BARCHA UCHUN MUHIM
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Toshkent viloyati hududiy birlashmasi iste’molchilarni chalg‘ituvchi, mahsulotni asossiz ravishda davolovchi vosita sifatida targ‘ib qiluvchi reklamalarga nisbatan e’tiborli bo‘lishga chaqiradi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari, reklama tarqatuvchilar va reklama beruvchilarni biologik faol qo‘shimchalar reklamasini joylashtirishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqiramiz.Eslatib o‘tamiz: reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik va moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin.
Hurmatli iste’molchi! Agar siz biologik faol qo‘shimcha yoki boshqa mahsulot reklamasi orqali chalg‘itilgan deb hisoblasangiz, bunday holatni e’tiborsiz qoldirmang. O‘z huquqlaringizni himoya qilish uchun murojaat qilishingiz mumkin.
📞 1091 — Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishonch telefoni
🌐 murojaat.istemol.uz — onlayn murojaat yuborish imkoniyati
Iste’molchi huquqini bilsa — aldanmaydi. Reklamaga emas, avvalo qonuniy va ishonchli ma’lumotga tayaning!
BIOLOGIK FAOL QO‘SHIMCHALAR REKLAMASIDA QONUN TALABLARIGA RIOYA QILISH MUHIM
- Информация о материале
- Автор: Toshkent viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 9
























