Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sifatsiz mahsulotlar yuzasidan kelib chiqayotgan muammolarni o‘rganish hamda fuqarolarga amaliy va huquqiy yordam ko‘rsatish borasida Boysun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Boysun tumani “Inkobod” mahallasida yashovchi fuqaro Xaydarova Dilsoz jamiyatning ishonch telefoniga murojaat qilib, tuman markazidagi At-Termiziy ko‘chasida joylashgan qurilish mollari savdo do‘konidan 2 200 000 (ikki million ikki yuz ming) so‘mga xarid qilgan elektr asbobi — temir kesuvchi (bolgarka) sifatsiz chiqqanligini ma’lum qilgan.
Fuqaro xarid qilingan mahsulotdagi nuqson yuzasidan savdo do‘koni mas’ullariga murojaat qilgan bo‘lsa-da, masala bo‘yicha yechim topish maqsadida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatidan yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat Boysun tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida iste’molchiga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni talablari, shuningdek, sifatsiz mahsulot xarid qilingan holatda iste’molchi foydalanishi mumkin bo‘lgan qonuniy huquqlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, fuqaro xarid qilingan mahsulotni sifatlisiga almashtirish yoki mahsulot uchun to‘langan pul mablag‘ini qaytarib olish huquqiga ega ekanligi ma’lum qilindi. Ushbu holat yuzasidan savdo do‘koni mas’uliga ham qonun talablari tushuntirildi.
Fuqaro murojaatni o‘rganish jarayonida berilgan tushuntirishlardan qanoat hosil qilganligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz: iste’molchilar xarid qilgan mahsulotida nuqson yoki sifat bilan bog‘liq kamchiliklarni aniqlagan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda o‘z huquqlarini talab qilishlari mumkin.
Iste’molchi manfaatlarini himoya qilish — jamiyatning ustuvor vazifalaridan biridir!
























