Sho‘rchi tumanida fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi
Iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yuzaga kelayotgan muammolarga amaliy yechim topish borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday murojaatlardan biri Sho‘rchi tumani “Oftobmakon” mahallasida yashovchi fuqaro Abramatova Fazilat tomonidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga yo‘llangan.
Fuqaro murojaatida Instagram ijtimoiy tarmog‘ida faoliyat yurituvchi “Safora” nomli do‘kondan muddatli to‘lov asosida yuz tozalovchi uskunalar xarid qilganini bildirgan. O‘zaro kelishuvga muvofiq, mahsulotlar belgilangan muddatda yetkazib berilishi lozim bo‘lgan. Biroq kelishilgan muddat o‘tganiga qaramay, buyurtma qilingan uskunalar iste’molchiga yetkazib berilmagan.
Shu sababli fuqaro xarid qilgan mahsulotlarini yetkazib berishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Mazkur murojaat yuzasidan Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi “Safora” do‘koni mas’ullari bilan bog‘lanilib, vaziyat atroflicha muhokama qilindi hamda iste’molchi oldidagi majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Natijada fuqaroning buyurtma qilgan yuz tozalovchi uskunalari xonadoniga yetkazib berildi.
Shu tariqa, iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, uning buyurtma qilingan mahsulotlarni o‘z vaqtida olish bilan bog‘liq muammosi bartaraf etildi.
Mazkur holat internet orqali savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari ham iste’molchilar oldidagi majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishi, xaridorlarga buyurtma qilingan mahsulotlarni kelishilgan muddatlarda yetkazib berishi lozimligini yana bir bor ko‘rsatadi.
Iste’molchi huquqi — qonun himoyasida!
Unutmang, iste’molchilar huquqlari buzilgan taqdirda, 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali murojaat qilib, o‘z huquq va manfaatlaringizni himoya qilishda amaliy yordam so‘rashingiz mumkin.
























